JAMILA IYSOR VA UNING SHE’RLARI HAQIDA
JAMILA IYSOR VA UNING SHE’RLARI HAQIDA

Sayyed Azam qizi Jamila Iysor 1356-yili Juzjon viloyatining markazi bo‘lgan Shibirg‘on shahrida, bir ishchi oilasida dunyoga keldi. Jamilaning oilasi aslida Saripul viloyatining markazi, Saripul shahrining Guzari Shohon mahallasidandir. Ular Saripuldagi tinchsizliklar sababli Shibirg‘onga ko‘chib kelib, u yerda turg‘un bo‘ldilar.

Jamiladagi bilimga nisbatan ishtiyoq va chanqoqlik uni ertaroq, ya’ni olti yoshida maktabga borishiga sabab bo‘ldi. U 1362-yili Xadijayi Juzjoniy maktabiga o‘qishga kirib, o‘n birinchi sinfni saviya imtihon topshirish bilan, 1373-yili maktab bitirdi.

O‘sha yilning o‘zida, Juzjon viloyati markazi - Shibirg‘on shahrida Amir Alisher Navoiy nomli pedagogiy instetuti tarkibida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi ochildi va Jamilaning o‘z ona tili va adabiyotini o‘qish orzusiga yetishishiga sharoit yaratildi.

U, zo‘r qiziqish va chanqoqlik bilan O‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida o‘qishga kirdi va instetutni 4 yilda muvaffaqiyatli tugatdi.

U, maktab davrida ham she’r o‘qish va she’r yozishga qiziqishi bo‘lsa-da, uning iste’dodining o‘sishiga, oliy o‘quv davri samarali rol o‘ynadi. Negaki u, bu davrda zamonasining ulkan iste’dod egasi bo‘lgan taniqli shoiri Shafiqa Yorqin bilan tanishib, u orqali har tomonlama himoya bo‘ldi.

Jamila Iysor 1376-yili a’lo baholar bilan oliy o‘qishni tamomlab, mazkur instetutda o‘qituvchi sifatida ishga kirdi.

U, o‘qish jarayonida bir qancha vaqt Juzjon milliy telekanalida, xotin-qizlar sho‘rosi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan «Oyinayi zindagi» ya’ni «Hayot ko‘zgusi» otli bir soatlik programmaning mutasaddiyligi va notiqligini ilgari olib borgan bo‘lsa-da, keyin o‘qituvchilik bilan birga, ancha vaqt Oyina telekanalida «Oilalar» otli programmaning notiqligi va mutasaddiyligi bilan shug‘ullandi.

Jamilaning qiziqishi she’r va adabiyotga juda kuchli bo‘lgani uchun, maktab davridan-oq, oz-moz she’r mashqini boshlagan edi, ammo instetut davrida ustozi Shafiqa Yorqin rahnamoligi va tashviqi bilan ko‘proq va jiddiyroq she’r yozish va she’r o‘qish hamda she’r deklamatsiya qilishga berilib ketdi va she’rlari 1374-1375-yildan boshlab, ayrim nashriya va to‘plamlarda nashr bo‘la boshladi.

O‘sha yillarda Shibirg‘on shahri madaniy bir markazga aylangan edi va chamasi har oyda bir-ikki adabiy ehtifol, seminar, she’r kechasi va ilmiy konferansiyalar Afg‘oniston Milliy-Islomiy Junbishining madaniy sho‘rosi, Juzjon viloyatining madaniy maslahatchiligi va ayniqsa Juzjon xotin-qizlari Islomiy Sho‘rosi boshlig’i tomonidan yo‘lga qo‘yilar edi.

Bu adabiy yig‘inlarda nafaqat Juzjon viloyatidagi shoirlar va adab ahli, balki qo‘shni viloyatlar shoirlari va ziyoli kishilari o‘z she’r va maqolalari bilan qatnashar edilar.

Ana shu madaniy yig‘inlar va tashviqlar ko‘p yosh shoirlar va adabiy iste’dod egalarini voyaga yetkazdi va xalqqa tanitdi.

Jamila Iysor ham birinchi she’rlarini shu tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan adabiy yig‘inlarda deklama qila boshladi va ko‘p o‘tmay nozikxayol, yangi qarashli va iste’dodli shoira ekanligini el-ulus va adab ahliga isbotlab berdi.

U ko‘pincha she’rlarini o‘z ona tili - o‘zbek tilida yozsa-da, sanoqli she’rlarini Dariy tilida ham yozgan.

1388-yili uning o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan bir kichik to‘plam tuzildi va filologiya fanlar doktori Shafiqa Yorqin ehtimomi va muqaddimasi bilan Afg‘oniston Qalam Anjumani tomonidan «Bahor orzusida» nomi bilan nashr etildi.

Bu to‘plamda Jamila Iysorning klassik vaznda yozgan g‘azallari hamda hijoiy yoki barmoq vaznida yozgan go‘zal she’rlari ham o‘rin olgan.

Uning ikkinchi she’riy to‘plami esa, hozirgi hukmron og‘ir sharoit va madaniy faoliyatlarning to‘xtab qolganligiga qaramasdan, «Siniq oyina» oti bilan oxirgi paytlarda chop bo‘lgan bo‘lib, she’r muxlislari va ziyolilar tomonidan ancha qizg‘in kutib olindi.

Jamila Iysor bilim va ta’lim bo‘yicha ham ancha yutuqlar egasi bo‘lib, “pohanvallik” ilmiy rutbasi (professorlikdan bir pog‘ona quyi ilmiy rutba “dotsent”)ga erishgan.

Shuningdek, u bir qancha ilmiy risolalar va maqolalar ham yozgan, jumladan: «Uvaysiy hayoti va she’riy ijodi», «Nizomiy Ganjaviy va Qutb Xorazmiyning “Xusrav va Shirin” manzum dostonlarining qiyosi», «O‘zbek lirik adabiyotida g‘azal janri» nomli tadqiqiy risola, «O‘zbek zamonaviy nasri» nomli ta’lifiy risola va «Bobur she’riyatida kichik janrlarning o‘rni» nomli monografik risolalarni yozgan. Ular hozir o‘zbek tili va adabiyotining ayrim bo‘limlarida darslik va ilmiy qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda.

Shuningdek, u bir qancha ilmiy maqolalar ham yozib kelgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi o‘zi dars berib turgan bilim yurtining «Jawzjonon» nomli ilmiy jurnali va O‘zbekistonning ayrim ilmiy nashriyotida chop etilgan.

Jamila Iysor yigirma yildan ko‘proq vaqt oliy o‘quv yurtida dars bergan bo‘lsa-da, uzoq muddat sharoit muvofiq bo‘lmagani sababli tahsil darajasini oshira olmagan edi va bu mavzu tahsilga chanqoq bo‘lgan Jamilaning ko‘ngliga qattiq botardi.

Baxtga muvofiq, u Afg‘oniston davlati tomonidan bir tahsiliy grantga olindi va shu grant asosida O‘zbekiston Respublikasi, Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O‘zbek tili va adabiyoti unversitetida magistrlikni bitirdi.

Hozircha u Afg‘onistondagi oxirgi siyosiy o‘zgarishlar sababli minglab xotin-qizlar qatori butun ijtimoiy sohalar va ta’limdan chetga surilib, uyda o‘tirishga majbur qilingan.

Jamila Iysor turmushga chiqqan va to‘rt qiz hamda uch o‘g‘ilning mehribon onasidir.

She’rlaridan namuna:

 

 

KULGI ARMAG‘ONI

Koʻzlaring erdi koʻzimga mehribon, yodingdami?

Lablaringdan kulgi erdi armagʻon, yodingdami?

Ishq charbogʻida erdim ayri bir oshiq nihol,

Sen-da erding ichkuyar bir bogʻbon, yodingdami?

Sevgi nurini socharding yarqiroq yulduz kabi,

Koʻksim erdi sen uchun keng osmon, yodingdami?

Ishq barmogʻi bilan sochim dutorini chalib,

Kuylar erding baxt kuyin har zamon, yodingdami?

Ishq deb tafsir etardik biz hayot oyatlarin,

Jannat erdi bizga olam begumon, yodingdami?

 

SOG‘INCH ERTAGI

Yolg‘izligim elkamda og’ir yuk,

Zamon aqrabalari toʻxtagan.

Sevinch uxlagan,

Quvonch muzlagan.

Quyosh kulmaydi,

U ham goʻyo sensiz yolg‘iz.

Bulut yig‘laydi koʻzlarimdek,

Yuragimdek,

Kuylaydi sog‘inchilaringni.

O‘ylaring injiq boladek,

Ezadi yuragimni,

Tirnaydi koʻksimni.

Titroq koʻz yoshim tomchilari,

Yuzim safhasida,

Sensizlik she’rini yozadi.

Koʻzlarim uzoq-uzoqdan,

Intizoringni kuylaydi,

Iliq sevgingni suylaydi.

 

MEHR QAHRATONI

Qaboqlaring havosi bitgach,

Tevarakda qor yog‘a boshlaydi.

Azizim meni mehr qahratoni bilan sinama!

Men izg‘irin sovuqda emas,

Sevgi bahorida gullayman!

 

ISHONCH

Uchishga ishonaman!

Koʻklarga koʻtarilishga,

Musaffo osmonda kezishga ishonaman!

Yulduzlar bilan, oy bilan, quyosh bilan,

Birga kulishga qattiq ishonaman!

Yog‘du boʻlib, quvonch boʻlib,

Elimni, tilimni,

Sevinchga chaqirishga ishonaman!

Bilaman uchishga bor ishonch,

Qanot yaratadi!!

 

SEVINCH QUSHI

Zamon,

koʻklam ayoqlari sesidan toʻlgan.

kel sen ham boʻyinni koʻzlarimga ek.

qo‘y men ham tarovatni mehmon qilay,

ruhimda, jismimda.

Yashnayin, gullayin, koʻrkam boʻlay, koʻklamdek.

qo‘y, qishdan zerikkan sevinch,

qo‘nib sochlarimga,

kuylasin sevgini!

 

SALOM SOVG‘ASI

Kel, koʻzlaringni koʻzlarimga tik!

Qo‘y, ertalab koʻzlarim,

So‘lim tushini zavqdan toʻliq oqar suvga emas,

koʻzlaringga aytsin!

Qo‘y, lablarim iliq tabassumini,

salom bilan qoʻshib,

endi uyg‘ongan quyosh qiziga emas senga sovg‘a qilsin!

Qo‘y, sochlarim toʻlqini sevgi tarannumini,

qoʻllaring bilan birga kuylasin!

men koʻzgusini yuqotgan goʻzalman,

Qo‘y, oʻzimni senda koʻrayin!

 

ISHQ E’JOZI

Qarashlaring koʻzlarim matlasini kuylagach,

men g‘azal boʻlaman.

G‘azal boʻlib, butun yuraging devonini,

mayin tuyg‘ular bilan toʻldiraman.

Ey, sevgi sovchisi, ayt,

bu qanday bir moʻjiza,

toki men ham koʻzlaringga iymon keltiray.

 

MUZLAGAN HAYOT

Lahzalar achchiqlagan zo‘mboladek,

yurishni istamaydi.

sovuqning zulmi ham,

qora kuchlarga oʻxshab, kunsayin oshib bormoqda.

Azizim, nima boʻlar,

koʻzlaringni uyqudan ochib,

hayot muzlarini, bir zumda eritsang!

 

TAQDIR ERTAGI

Mening yurtimda ertalab,

quyosh qizi,

tevarakka salom yog‘dusini sochmaydi.

mening yurtimda yil etagidan,

faqatgina bir fasl tugʻiladi,

faqat kuz fasli.

mening yurtimda,

insoniyat ertagini hech bir og‘iz aytmagan!

mening yurtimda mehribonlik kuyi,

hech bir quloqni erkalamagan!

meni yurtdoshlarim taqdirini,

baxt malaklari emas,

qora qoʻllar yozgan!

 

SOVUQ FASL

meni qishning izgʻirin sovugʻi emas,

qarashlaring sovuq fasli oʻldiradi.

Sevgilim!

qaboqlaring osmonidan,

qora bulutlarni quvib yubor!

Qo‘y, sevgi porlasin baxtimiz koʻkida!

 

YIRTQICH

Hoy ochkoʻz boʻri!

inson yirtqichi!

yalmama meni koʻzlaring bilan!

men qoʻrqaman yalmongʻiz koʻzlaringdan!

Men qoʻrqaman sovuq qarashlaringdan!

Qo‘y, toʻsma yoʻlimni, sindirma qanotimni!

Qo‘y, qanot qoqay osmon avjiga!

Qo‘y tog‘ cho‘qqisi bilan sirdosh boʻlay!

Qo‘y, oʻlmasdan oldin kafan kemayin!

oʻg‘irlama erkimni!

Qo‘y, men ham nafas tortay erkin havodan,

To‘yib-to‘yib sendek!

 

QOʻRQUV

Meni bag‘ringga bos!

koʻzlaringda yoshir!

men qoʻrqaman,

juda ham qoʻrqaman,

insoniyatni quvganlardan,

sevgini osganlardan,

adolatni sotganlardan.

meni bag‘ringga bos,

ko‘ksingda yoshir,

men qoʻrqaman,

juda ham qoʻrqaman,

tinchlikni buzganlardan,

kulguni uzganlaridan,

hurlikni toʻsganlardan,

yovoyi oʻsganlardan,

men qoʻrqaman,

juda ham qoʻrqaman!

 

ILTIMOS

Injiganmen,

juda ham injigan,

yerdan, yerliklardan.

azizim olib bor meni,

sevgi sayyorasidagi,

sevinch shahriga.

 

KIR YUVISH

Kir yuvayapman, qor suvi bilan,

ey koʻngli qora odam, 

kel, yuvayin koʻnglingni ham,

arisin yangi yoqqan oppoq qordek,

va yoyayin insoniyat tanobiga,

toki quyosh bilan birga oʻqisin,

tozalik qoʻshig’ini!

 

SOVG‘A

Boʻg‘ilayapman.

Quyuq bulutlar yana-da quyuqlashmoqda.

Osmondan qor emas,

Yomg‘ir ham emas,

Alam yog‘moqda.

Va men boʻg‘ilgan fazoda

Qorong‘ulik botqog‘i nihoyatida

Derazani yuqotganman!

Mehribonim!

Meni yoʻqlab kelsang,

Chirog‘ emas,

Bir quchoq quyosh keltir!

 

SOG‘INDIM

Men quyosh tabassumini,

bahorni sog‘indim.

Sevinch qaldirg‘ochlari qayta koʻchib kelishini,

qizchalar umid kapalaklarini zavq bilan izlashlarini,

va tiniq buloqlarga yuz yuvishlarini sog‘indim.

va "oftob chiqdi olamga" kuyining yarim vayron

chordevorlardan yangrashini

juda ham sog‘indim.

ertalab koʻchalarda

oq boshli va qora kiyimli farishtalarni kuzatishni

qattiq sog‘indim.

 

ISHONCH

Koʻkaraman,

Gullayman,

Yashnayman,

Va bahor boʻlaman.

Sen qarab tur!

Sen gulni uzgan bilan

Bahorni oʻg‘irlay olmaysan!

Sen chirog‘ni boʻgsang ham,

Quyoshni oʻldira olmaysan!

Prometey insonga olovni sovg‘a qilgani kabi,

Bir kun menga ham tong sovg‘a qilinadi.

Sen qarab tur!

 

RUBOIYLAR

She’rim sen edingu sevging erdi sozim,

Sen birla edi sevinch sari parvozim.

Ketdingu sevinchu sevgini ham eltding,

Boʻg‘ildi tamoqqa chiqmayin ovozim.

 

Bog‘ guldan emas, balki, tikondan toʻldi,

Yaxshilar uloqdi uy yomondan toʻldi.

Sevinch chog‘irini toqchada chang bosdi,

Koʻngillar ayog‘i barcha qondan toʻldi.

 

Guldan deyginu bahordan soʻzla menga,

Kuydan deygilu dutordan soʻzla menga.

Yoqmaydi quloqqa oʻzga bir soʻz, hargiz,

Sevgi-yu sevinchu yordan soʻzla menga.

 

Kelgin hamalim bahor boʻlgim keladi,

Gullab boshingga nisor boʻlgim keladi.

Shabboda bilan qoʻshiq oʻqib dashtlara,

Lola guli birla yor boʻlgim keladi.

 

Gullaydi yana bahoring, ulkam yema g‘am,

Kuylaydi yana qanoring, ulkam yema g‘am.

Koʻngling yarasi bitar, siqinma, bir kun,

Qaytar yana e’tiboring, ulkam yema g‘am.

 

Yomg‘ir yog‘adi yana seni kuylaydi,

Yodingni qulog‘im tubida suylaydi.

Ishqing yanada qad koʻtarib koʻnglimdan,

Uynaydi-yu xotirim sari boʻylay.

 

Kuylaydi bahor, yana, tarovat kuyini,

Boshlaydi har uyida yangi yilning tuyini.

Tong chog‘ida shabboda qoʻshiqlari bilan,

Koʻngilni quvontirar chechaklar uyini.

 

Yurtimni koʻrib bu holda g‘amdan toʻlaman،

Kuz qoʻliga uchragan chechakdek soʻlaman.

Qayg‘u yog’ilar yog‘in boʻlib, har yondan,

Eslab buni har lahzada minglab oʻlaman.

 

Qayg‘ularing ona yurtim haddan oshdi,

Daryo edi dengizga choʻzildi, toshdi.

Yorab, bu ne shoʻrlik, ne koʻrim har koʻzda,

Kulgu-yu quvonch oʻrnida koʻl-koʻl yoshdi

 

Dengiz kabi koʻzlaringga oqqim keladi,

Mehringni yurak boʻyniga toqqim keladi.

Gah she’r boʻlib kunglinga yoqqim keladi,

Gah koʻzgu boʻlib yuzingga boqqim keladi.

 

Bizlar sorida hodisa hardam tug‘adi,

Har lahza zamon yangicha motam tug‘adi.

Sevinch urug‘i oʻriladi, oʻrnida,

G‘am lashkarini koʻring, yana g‘am tug‘adi

 

Sen menga kerak hayot uchun suv yanglig‘,

Sen menga kerak yemakka totuv yanglig‘.

Gar lahzalarim boʻlsa vujudingdan boʻsh,

Boʻg‘zimdan oʻtar hayot og‘uv yanglig‘.

 

TOʻRTLIKLAR

She’r boʻlgin toki men soʻzing boʻlay,

Qissa boʻlgin qissapardozing boʻlay,

Chiq muhabbat tuprogʻidan nay boʻlib,

 To chalib men seni, ovozing boʻlay.

 

Mening holimni koʻrganda bahoru bog‘ yig‘laydi,

Kiyib koʻk osmon, lola yurogi dog‘ yig‘laydi.

Yarashmaydi bu hechu puchga, hargiz, hayot ismi,

Tiriklik xirmanim har kim sovurgan chog‘ yig‘laydi.

 

Osmonimda quyoshim sensan,

Men bulut koʻzdagi yoshim sensan.

Menga oʻrgatdi koʻzing sevmoqni,

Sevgiu ishqda boshim sensan.

 

Muruvvat yo‘qolgan, vijdon ham oʻlgan,

Adolat osilgan, iymon ham oʻlgan.

Tevarakdan kelmaydi insonlik hidi,

goʻyoki bu yerda inson ham oʻlgan

 

Intizoring yuzimda gullaydi,

Ishtiyoqing soʻzimda gullaydi.

Sabz boʻying, yana, yashil tushdek,

Kecha-kunduz koʻzimda gullaydi.

 

Gullab yashayman, sevgi bog‘ida,

Agarda, boʻlsang bog‘bonim sen.

Porlayman quvonib, sig‘may olamga,

Agar-da boʻlsang osmonim sen.

Ushbu Muallifning Boshqa Maqolalari