O‘ZBEK ADABIY TILIDA YECHIMINI KUTAYOTGAN JUMBOQLAR
2026-07-12
2026-07-11
Ushbu maqolada milodiy 1988-2003 yillar ichida chop etilgan Navoiyning “Mukammal asarlar to’plami”dan o’rin olgan “Xazoin-ul-maoniy” (3-6-jildlar) misolida o’zbek tili va adabiyotining buyuk simosi Mir Alisher Navoiy asarlarida tinish belgilarining yanglish ishlatilganligi natijasida bu asarlarni o’qish va tushunish qiyinlashganligi hamda Navoiyni o’zbek kitobxonlaridan ajratib qo’yib, hozirgi davr kitobxonlari Navoiy asarlarini “tarjima”da (nasriy bayonda) o’qishga majbur bo’lganliklarining sabablarini misollar bilan ochib berishga harakat qilindi. Navoiy asarlarini o’qiyotib, undagi yanglish ishlatilgan tinish belgilarini ko’rib shu xulosaga keldikki, Navoiy asarlarini chopga tayorlash jarayonida kerakli diqqat ko’rsatilmagan. Matnshunos olimlarimiz qo’lyozma nusxalarni bayozga ko’cirayotganda tinish belgilarini baytlarning sintaktik tarkibi va mazmunidan kelib chiqib emas, balki umumiy qoida qilib baytning birinchi misrasi oxiriga vergul, ikkinchi misrasi oxiriga nuqta qo’yganlar. Qo’shma gaplar tarkibidagi sodda gaplar ko’p o’rinlarda vergul bilan ajratilmagan va baytlardan mazmun chiqarishda tavakkal qilishga yo’l qo’yilgan va natijada kitobxonlarda “Navoiy xoslar shoiri, uning asarlarini faqat sanoqli mutaxasis olimlargina o’qib tushuna oladi, xalos” degan soxta tasavvur paydo bo’lgan.
Kalit so’zlar: Tinish belgilari, vergul, tire, matn, matnshunoslik, yozma nutq, sintaktik qurilma…
Muqaddima
Sharq tillariga, jumladan o’zbek tiliga, tinish belgilari XX asr boshlarida kirib kelgan. Demak, nafaqat Navoiy asarlari qo’lyozma nusxalarida, balki butun sharq adabiyotiga tegishli bo’lgan qo’lyozma nusxalarda tinish belgilari ishlatilmagan. Shuning uchun bo’lsa kerak, hozirgi kunda ham Eron va Afg’onistonda chop etilgan mumtoz adabiyot asarlarida, asosan she’riy asarlarda, tinish belgilari qo’yilmaydi. Lekin bu ish hozirgi kunda tilshunoslik nuqtai nazaridan o’zini oqlamaydi. Chunki tinish belgilari yozma nutqda so’zlashuv nutqimizdagi lahn va ohangni o’z iziga soladi va yozuvchi ko’zlagan mazmunni to’laligicha kitobxonga yetkazib beradi. Shuningdek, tinish belgilari tilning sintaktik qurilishi bilan uzviy bog’liq bo’lib, yozma nutqni to’g’ri, ifodali, aniq bayon qilishda, uning uslubiy ravonligini, tez tushunilishini ta’minlashda nihoyat zaruriy vositadir.
Tinish belgilari gap tarkibidagi so’zlarning semantik va grammatik munosabatlarini yuzaga chiqarish bilan bir qatorda, fikrni ta’kidlab, ajratib ko’rsatishga yordam beradi. Tinish belgilarining qo’llanish o’rinlarini bilish va ularning funksiyonal imkoniyatlari muallifning o’z fikrini yozma ravishda to’g’ri yetkazishga yordam beradi. Mutolaa davomida bu jarayon yozuv vositasida yetkazilgan emotsiyonal-ekspressiv holatlarni tez va tabiiy anglashga ko’maklashadi. Zamonaviy o’zbek tilida qo’llangan tinish belgilari yozuv bilan uzviy bog’langan va bir-birini taqozo etadigan semantik va strukturaviy-grammatik asoslarga qurilgan. Tinish belgilari yozma nutqning turli bo’linishlarini aks ettiradi, alohida so’zlar va so’z turkumlari o’rtasidagi mantiqiy-mazmuniy aloqa va munosabatlarni, yozma matn qismlarining turli semantik o’rinlarini ko’rsatadi.
Biz ushbu maqolamizda quyidagi so’roqlarga javob topishga intilamiz:
Navoiy xoslar shoirimi?
Nega hozirgacha Navoiy asarlarining mo’tabar nusxasi yaratilmagan?
Mumtoz adabiyot matnlarini tushunishda tinish belgilarining ahamiyati qancha?
Ishimizning metodologik asosi va materialini Alisher Navoiyning “Xazoin-ul-maoniy” asari va o’zbek tilshunosligiga oid adabiyotlar tashkil beradi. Mavzuni yoritishda, tahlil va analiz qilishda tavsifiy-tahliliy uslubdan foydalanildi.
Biz Navoiyning “Xazoin-ul-maoniy” devonlarini o’zbek arab alifbosi asosida chopga tayorlash jarayonida bir qator o’rinlarda tinish belgilarining yanglish ishlatilganligi natijasida yuzaga kelgan chalkashliklarni ko’zatdik. Quyida xato deb topilgan baytlarning ayrimlari ustida to’xtalib, o’z fikr-mulohazalarimizni sizlar bilan o’rtoqlashishni ma’qul deb topdik.
G’aroib-us-sig’ar
Jahonki, ohim ila tiyradur emas mumkin,
Bu shom daf’i yuzung subhi bo’lmayin mavjud. (Navoiy, 1988, 76-b.)
Bu bayt uchta gapdan tashkil topgan: 1. Jahonki ohim ila tiyradur, 2. Emas mumkin bu shom daf’i, 3. Yuzung subhi bo’lmayin mavjud. Ammo bu baytdagi gaplar aniqlanmagan va vergul bilan ajratilmagan. Natijada mazkur baytning mazmuni mavhumlashgan. Bu baytning quyidagi tartibda yozilishi va o’qilishi maqsadga muvofiqdir:
Jahonki ohim ila tiyradur, emas mumkin
Bu shom daf’i, yuzung subhi bo’lmayin mavjud – jahon ohim bilan tiyradir, yuzing tongi mavjud bo’lmasdan bu shomni daf’ qilish mumkin emas.
Shodlig’din gulshani vaslingda yig’lab cheksam oh,
Yopma, yuzkim, gulga bo’lmas yel yog’indin g’am bahor. (Navoiy, 1988, 97-b.)
Ikkinchi misrada “yopma” kesimidan keyin vergul kerak emas. Chunki “yopma yuzkim” o’zi bitta gap. Shuningdek, yel va yog’in so’zlarini yo juft so’z shaklida qabul qilib chiziqcha bilan yozish kerak yoki ikki so’z deb qarab vergul bilan ajratish zarur.
Zuhd ila yo’l topmadim maqsadg’a may tut, piri dayr
Kim, o’zumni emdi rasvoyi jahon qildim havas. (Navoiy, 1988, 235-b.)
Birinchi misra ikki gapdan iborat. Shuning uchun “maqsadg’a” dan keyin vergul qo’yish kerak:
Zuhd ila yo’l topmadim maqsadg’a, may tut, piri dayr
Kim, o’zumni emdi rasvoyi jahon qildim havas.
Novaking paykoni to chektilar nolon ko’ngul,
Aylamas afg’on ko’ngulsizlikdin andoqkim jaras. (Navoiy, 1988, 236-b.)
Birinchi misrada birinchi gap “chektilar” bilan tugaydi. Shuning uchun undan keyin vergul qo’yish kerak. “Nolon ko’ngul aylamas afg’on” – bu ikkinchi gap. Demak, “ko’ngul” so’zidan keyin vergul qo’yish kerak emas va “afg’on” so’zidan keyin vergul qo’yilishi zarur. Birnchi misrada “nolon ko’ngul” gapning egasi bo’lib qolgan. Holbuki, birinchi gapning egasi gapda ishtirok etmagan (ular) so’zidir. “nolon ko’ngul” esa ikkinchi gapning egasidir. Baytning mazmuni: novakingning (tiyr, nayza, o’q) paykonlarini (o’qning temir uchi) mening ko’nglimdan chiqarib olganlaridan keyin, nolon ko’nglim endi afg’on qilmay qo’ydi. Chunonchi jaras (tuyalarning bo’yniga taqiladigan qo’ng’iroq) ichidan metal jomga tegib ovoz chiqaradigan uzun temir tayoqchani chiqarib olsa, ovoz chiqarmaydigan bo’lib qolgandek. Navoiy jaras ichidagi temir tayoqchani uning (jarasning) ko’ngli deb tasvirlayapti. Bu baytni quyidagicha yozish va o’qish kerak:
Novaking paykonini to chektilar, nolon ko’ngul
Aylamas afg’on, ko’ngulsizlikdin andoqkim jaras.
To taning avji hayot ustidadur sen xok bo’l,
Istasangkim avj tutqaysen taning bo’lg’anda xok. (Navoiy, 1988, 186-b.)
Bu baytda tinish belgilari o’rinsiz qo’llangan. To taning hayot ustidadur (birinchi gap), sen xok bo’l (ikkinchi gap), istasangkim avj tutqaysen (uchinchi gap), taning bo’lg’anda xok (oxirgi – to’rtinchi gap). Demk, bu bayt quyidagicha yozilishi kerak:
To taning avji hayot ustidadur, sen xok bo’l,
Istasangkim avj tutqaysen, taning bo’lg’anda xok.
Baytning mazmuni: taning tuproqqa qorishganda – (o’lgandan keyin) noming abadiy qolishini xohlasang, hayotda (tirikligingda) – shonu shuhratda yashab yurganingda tuproq bo’l - kamtarlik pesha qil.
Navodir-ush-shabob
Ne lo’livashdur ul qotilki, qon to’kmakkadur yaksar
Qiyo boqmoqlari poki itik, mujgonlari nishtar. (Navoiy, 1989, 102-b)
Bu baytning ikkinchi misrasi ikki gapdan iborat: 1. Qiyo boqmoqlari – poki (ustara), 2. Itik mujgonlari – Nishtar. Demak vergul “poki” so’zidan keyin qo’yilishi kerak. “Itik” so’zi “poki” so’ziga hech jihatdan bog’lanmaydi va hechqanday ma’no ifoda qilmaydi. Aslida, mujgon so’ziga sifatlovchi bo’lib kelgan. Bu baytning quyidagicha yozilishi maqsadga muvofiqdir:
Ne lo’livashdur ul qotilki, qon to’kmakkadur yaksar
Qiyo boqmoqlari – poki, itik mujgonlari – nishtar.
Ey Navoiy, nazming asru sodda erdi qo’ydi yuz,
Shoh islohidin oncha zeb ila ziynat anga. (Navoiy, 1989, 5-b.)
Birinchi misrada vergul xato ishlatilgan. Menimcha “sodda erdi” birinchi gapning kesimidir. Demak, vergul bilan ajratilishi kerak. “Qo’ydi yuz” ikkinchi gapning kesimidir. Ikkinchi gapning egasi esa “zeb ela ziynat” so’zlaridir. Shunday ekan, bu gapda kesimdan keyin vergul qo’yish xatodir. Bu bayt quyidagi ko’rinishda bo’lishi kerak:
Ey Navoiy, nazming asru sodda erdi, qo’ydi yuz
Shoh islohidin oncha zeb ila ziynat anga.
Chun qo’yub ketgung jahon mulkin mussaxar bo’ldi, tut,
Chun yotib o’lgung falak taxti muyassar bo’ldi, tut. (Navoiy, 1989, 36-b.)
Bu g’azalda radif bo’lib kelgan “bo’ldi tut” birikmasi o’zidan oldingi so’z bilan birgalikda murakkab fe’l hisoblanadi va “… bo’di deb hisobla” degan ma’noni ifodalaydi. Shuning uchun ham bu ikki so’z orasiga vergul qo’yish xatodir.
Ko’zung shamoilini nargis ar ko’ra olmas,
Sanga ne fikr ko’zi chiqsun ulki, bo’ldi hasud. (Navoiy, 1989, 65-b.)
Ikkinchi misra uch gapdan iborat. Ularni vergul bilan ajratish sintaktik jihatdan maqsadga muvofiqdir: 1. Sanga ne fikr, 2. Ko’zi chiqsun, 3. Ulki bo’ldi hasud. Baytning sharhi quyidagicha: ko’zingning tuzilishini (chiroyini) agar nargis (guli) ko’ra olmasa, sen o’ylab o’tirma, fikrida bo’lma. kimki uning chiroyliligini ko’ra olmasa, hasodat qilsa, ko’zi chiqsin. Demak, bu bayt quyidagi ko’rinishda bo’lishi kerak:
Ko’zung shamoilini nargis ar ko’ra olmas,
Sanga ne fikr, ko’zi chiqsun, ulki bo’ldi hasud.
Yor isidur kom keltursun sabo yoxud shamol,
Do’st, taqririg’a roviy xoh Buzar, xoh Anas. (Navoiy, 1989, 117-b.)
“Yor isidur kom” – birinchi misraning birinchi gapidir. Uni ikkinchi gapdan vergul bilan ajratish kerak. Ikkinchi misrada “do’st” so’zidan keyin vergul qo’yish kerak emas. Chunki do’st va taqrir so’zlari orasidagi sintaktik munosabat qaratuvchi-qaralmishdir.
Korvoni dard ila qat’ et muhabbat dashtini
Kim nidoe mujdai vasl aylar anda har jaras. (Navoiy, 1989, 117-b.)
Bu baytda hech bir o’rinda vergul qo’yilmagan, demak, qanday o’qilishi kitobxon zimmasiga havola bo’lgan. Bundan tashqari, “nido” so’ziga yoyi vahdat qo’yilgan (bir nido). Bu suratda “nido” so’zi gapda ega vazifasida kelishi kerak bo’ladi. Holbuki, bu gapda “har jaras” so’zi ega bo’lib kelgan. Bu gapning kesimi “nidoi mujdai vasl aylar” birikmasidir. “Anda” so’zi esa hol vazifasida kelgan. Shuningdek, “kim” so’zi bog’lovchidir. Shunday ekan, undan keyin vergul qo’yilishi kerak. Baytning mazmuni: muhabbat dashtini dard karvoni bilan bosib o’tki, unda (muhabbat dashtida) har bir jaras (qo’ng’iroq) vasl xushxabarini beradi. Bu bayt quyidagicha yozilishi kerak:
Korvoni dard ila qat’ et muhabbat dashtini
Kim, nidoi mujdai vasl aylar anda har jaras.
Tojvarlar oq uyida sokin o’lsa, ahli ishq
O’yladurkim bulbulu huddudg’a bo’lg’ay bir qafas. (Navoiy, 1989, 117-b.)
Bu baytda ham tinish belgilari yanglish qo’yilgan. Birinchi misrada “o’lsa” fe’lidan keyin vergul qo’yish xatodir. Vergul aslida “ahli ishq” birikmasidan keyin qo’yilishi kerak. Chunki birinchi misra sodda gap bo’lib, uning egasi “ahli ishq” va “sokin o’lsa” birikmasi kesimdir. Biz bu baytni mukammal asarlar to’plamidagi tartib asosida sharhlasak, quyidagi ma’no chiqadi: (u) podshohlar uyida yashasa, ishq ahli shundaydirki, bulbulu hudhud bir qafasda yashasa. Lekin kerakli tinish belgilarini qo’ygandan keyin quyidagi shakl va ma’no hosil bo’ladi:
Tojvarlar uyida sokin o’lsa ahli ishq,
O’yladurkim, bulbulu hudhudg’a bo’lg’ay bir qafas – podshohlar oq uyida ishq ahli sokin bo’lsa, bulbul (ishq ahli) bilan hudhud (podshoh) ayni qafasda bo’lgandek bo’ladi.
Surma ul shabxez ayog’i gardin, et kim kechalar,
Itcha yo’q ko’yida gar xud shahna bo’lsun, gar asas. (Navoiy, 1989, 117-b.)
Birinchi misrada “gardin” va “kechalar” so’zlaridan keyin qo’yilgan vergullar mutlaq yanglishdir. Mantiqan vergulni “kim” bog’lovchisidan keyin qo’yish kerak. Chunki birinchi misradagi gap shu yerda tugaydi va “kechalar” so’zini ikkinchi misraga qo’shib o’qish kerak va bu so’z ikkinchi gap kesimi uchun hol vazifasida kelgan. Bu baytda tinish belgilari quyidagi tartibda bo’lishi kerak:
Surma ul shabxez ayog’i gardin etkim, kechalar
Itcha yo’q ko’yida gar xud shahna bo’lsun, gar asas.
Ey ko’ngul, g’amgin esang kup quysa soqiy og’zingga
Zarfni, sipqormag’uncha qilmag’il zinhor bas. (Navoiy, 1989, 126-b.)
Bu baytni mukammal asarlar to’plamidagi tartibda o’qisa, ikkinchi misradagi “zarfni” so’zi “quysa” fe’liga bog’lanadi, holbuki, bu so’z “sipqormag’uncha” fe’liga bog’lanib kelgan. Bu bayt aslida qyidagi tartibda yozilishi va o’qilishi kerak:
Ey ko’ngul, g’amgin esang, kup quysa soqiy og’zinga,
Zarfni sipqormag’uncha, qilmag’il zinhor bas.
Husn mulkida shah ul yuz chatr mushkin bo’ldi qosh,
Ne ajab, bo’lsa zumurraddin anga avrang xat. (Navoiy, 1989, 148-b.)
Birinchi misra ikki gapdan iborat: 1. Husn mulkida shah – ul yuz, 2. Chatri mushkin bo’ldi qosh. Bu gaplarni vergul bilan ajratmasdan baytdan ma’no chiqarish qiyin. Baytning sharhi quyidagicha: ul yuz (yorning yuzi) husn mulkida podshohdir, mushk hidli qosh podshohning boshida soyabondir. Yorning xati (yuzda endigina chiqayotgan soqol-mo’ylov) podshohning (yuzning) zumurraddin yasalgan taxti bo’lsa ajab emas.
O’tgan o’tti bori, emdi ayla bu pandim qabul
Kim, yana qilma havoi jinsi odam, ey ko’ngul. (Navoiy, 1989, 206-b.)
Birinchi misrada “bori” so’zi o’zbekcha “bari” emas, forscha “bore” (aqllan, hech bo’lmasa, hech bo’lmaganda) dir. Shuning uchun bu so’z birinchi gapga emas, balki ikkinchi gapga tegishlidir. Shunday ekan, vergul “o’tkan o’tti” birikmasidan keyin kelishi kerak.
Alloh-Alloh, ne balodurkim, labu mujgon bila,
Yolg’uz el tirguzguchi yo’qkim erur, jallodi ham. (Navoiy, 1989, 215-b.)
“Mujgon bila” so’zidan keyin qo’yilgan vergul yanglishdir. Chunki bu so’z “tirguzguchi yo’q” kesimi bilan bog’lanib, to’ldiruvchi vazifasida kelgan. Shuning uchun ham vergul bu so’zdan keyin emas, balki undan oldin qo’yilishi kerak va bu bayt quyidagi tartibda yozilishi va o’qilishi kerak:
Alloh-Alloh, ne balodurkim, labu mujgon bila
Yolg’uz el tirguzguchi yo’qkim, erur jallodi ham.
Mast agar sajdang qilurmen yopma yuz, ey mug’bacha,
Ne uchunkim dayr piri mazhabidur mashrabim. (Navoiy, 1989, 218-b.)
Birinchi misrada “qilurmen” dan keyin vergul qo’yish kerak. Chunki birinchi gap shu yerda tugaydi. “Yopma yuz” ikkinchi gap hisoblanadi, “ey mug’bacha” – undalma, “ne uchunkim” bog’lovchi vositadir. “Dayr piri mazhabi” – uchinchi gapning egasi. “Mashrabimdur” uchinchi gapning kesimidir. Bu gapning tinish belgilari quyidagicha bo’lishi kerak:
Mast agar sajdang qilurmen, yopma yuz, ey mug’bacha,
Ne uchunkim dayr piri mazhabidur mashrabim.
Ko’z yo’lida telmurub ko’nglum sog’inur, kim meni,
Istamoqqa kelgusi har kim ki chiqsa o’trudin. (Navoiy, 1989, 243-b.)
Birinchi misrada ikkita gap bor: 1. Ko’z yo’lida telmurub, 2. Ko’nglum sog’inurkim. Baytning qolgani uchinchi gapdir. Shunday ekan, gaplar vergul bilan ajratilsa, bayt mazmuni aniqroq o’z ifodasini topadi. Demak, bu baytda tinish belgilarini quyidagi tartibda qo’yish kerak:
Ko’z yo’lida telmurub, ko’nglum sog’inurkim, meni
Istamoqqa kelgusi har kimki chiqsa o’trudin.
Ey Navoiy, umr agar budur ajal rahm aylabon,
Kelsa jonim olg’ali jon birla minnatdormen. (Navoiy, 1989, 248-b.)
Birinchi misrada “umr agar budur” bitta gap hisoblanadi, shuning uchun “dur” dan keyin vergul qo’yish kerak. “Rahm aylabon” birikmasidan keyin qo’yilgan vergul kerak emas. Chunki “ajal” so’zi ikkinchi gapning egasidir. “Rahm aylabon” birikmasi “kelsa” kesimiga hol bo’lib kelgan. “Jonim olg’ali” maqsad holidir. “Jon birla minnatdormen” uchinchi va oxirgi gapdir. Shunday ekan, “olg’ali” so’zidan keyin ham vergul qo’yish kerak. Demak, bu bayt quyidagi ko’rinishda bo’ladi:
Ey Navoiy, umr agar budur, ajal rahm aylabon
Kelsa jonim olg’ali, jon birla minnatdormen.
Do’stlar vasl o’tin istarga Navoiy bormish,
Fosh qilmang bu hadisini aning yong’uncha. (Navoiy, 1989, 293-b.)
Birinchi misrada “do’stlar” so’zi undalma bo’lib kelgan. Shuning uchun undan keyin vergul qo’yish kerak.
Dedi, la’limdin qilay joning iloji, qilmadi
G’amzasin jonimg’a, oxir novakafkan qildilo. (Navoiy, 1989, 302-b.)
Yuqoridagi baytda vergullar yanglish qo’llangan: “qilmadi” fe’lidan keyin vergul qo’yish kerak, agar vergul qo’yilmasa, ikkinchi misradagi bo’laklarning boshqaruvchisiga o’xshab qoladi. Holbuki, “qilmadi” fe’li o’zi alohida bir gap bo’lib kelgan. Shungdek, “jonimg’a” so’zidan keyin qo’yilgan vergul ortiqchadir. Chunki, bu va undan oldin kelgan “g’amzasin” so’zlari “novakafkan qildilo” kesimiga bog’lanib kelgan. Bu bayt quyidagicha yozilishi va o’qilishi kerak:
Dedi, la’limdin qilay joning iloji, qilmadi,
G’amzasin jonimg’a oxir novakafkan qildilo.
Bu tiyra dahrni gar oshiq etmasang bo’lmas,
Arusi mehri falak mazharida jilvanimoy. (Navoiy, 1989, 303-b.)
“Etmasang” kesimidan keyin vergul qo’yish kerak. “Bo’lmas” bo’lishsiz fe’lidan keyin vergul qo’yish zarur emas. Chunki u “jilvanimoy” so’zi bilan birgalikda ikkinchi misradagi gapning kesimini tashkil etadi. Ikkinchi misradagi “arusi mehri falak mazharida …” emas, balki “arusi mehr falak mazharida …”. Ko’rib turganingizdek bu baytdan, tinish belgilarining xato ishlatilganligi sababli, Navoiy ko’zlagan mazmun chiqmayapti. Bu baytda tinish belgilari quyidagi tartibda bo’lishi kerak:
Bu tiyra dahrni gar oshiq etmasang, bo’lmas
Arusi dahr falak mazharida jilvanimoy – bu qorong’u dunyoni agar oshiq qilmasang, arusi dahr (quyosh kelini) falak mazharida (jilvagohida) jilvagar bo’lmaydi (chiqmaydi).
Voiz aylar vasfi jannat ichra kavsar bodasin,
Bo’l Navoiy mast, xohi mundog’i, xoh andog’i. (Navoiy, 1989, 307-b.)
Birinchi misrada vasf so’zidagi “i” harfi egalik qo’shimchasimi yoki forsiy izofami? Mening nazarimda ikkovi ham emas. To’g’risi: voiz aylar vasf jannat ichra kavsar bodasin.
Badoe’-ul-vasat
Ulkim zamona ahlidin istar vafovu mehr
Kim, naqshi mehr ko’rdi munga yo vafo anga. (Navoiy, 1990, 6-b.)
Bu baytning ikkinchi misrasidagi “kim” bog’lovchi emas, balki so’roq olmoshidir. Shunday ekan, vergul “mehr” so’zidan keyin qo’yilishi kerak. Agar bu misrada “kim” so’zini bog’lovchi deb, undan keyin vergul qo’yib o’qilsa, hech qanday ma’no chiqmaydi.
Yorkim, mundoq nihondur ko’zdinu men telbamen
Kim, degaykim, fitna qilg’an nasli odamdur manga. (Navoiy, 1990, 7-b.)
Ikkinchi misradagi “kim” so’zi bog’lovchi emas, balki so’roq olmoshidir. Shuning uchun vergul “telbamen” so’zidan keyin qo’yilishi kerak. Aks holda bu baytdan ma’no chiqarib bo’lmaydi.
Ko’zung qonimni ichmakka ne haddim
Erur, oni iting ichsa, kifoyat. (Navoiy, 1990, 41-b.)
“Haddim”dan keyin vergul qo’yish kerak. Chunki birinchi misra butun holda bir gap hisoblanadi. “Erur” to’liqsiz fe’li esa, “haddim” so’zi bilan emas, “kifoyat” so’zi bilan murakkab fe’l hosil qilgan. Baytning mazmuni esa quyidagicha: ko’zing qonimni ichishga ne haddim (bor)? Uni (qonimni) iting ichsa kifoyat erur (dir). Ikkinchi misradagi vergullarni olib tashlasa, ma’no yanada oydinlashadi. Demak, “erur” va “ichsa” so’zlaridan keyin vergul qo’yish unchalik muhim emas.
Ne masti arbada gar senki, chiqsa bazmingdin,
Buzar zamonani badmastlig’ bila har mast. (Navoiy, 1990, 42-b.)
Bu misrada “gar” unsuri yuklama emas, balki so’z yasovchi qo’shimchadir. Arbada so’ziga -gar qo’shimchasi qo’shilib “arbadagar” (“dodu faryod qiluvchi”) so’zini yasayapti. Shuningdek, “sen” unsuri ham ikkinchi shaxs kishilik olmoshi emas, balki ikkinchi guruh tuslovchining ikkinchi shaxs birlik qo’shimchasidir. Shuning uchun ularni qo’shib yozish kerak – “arabadagarsen”. Bu baytning to’g’ri yozilish shakli quyidagicha:
Ne masti arbadagarsenki, chiqsa bazmingdin
Buzar zamonani badmastlig’ bila har mast.
Baytning sharhi: sen qanday arbadagar (dodu faryod qiluvchi) mastsanki, bazmingdan har mast chiqsa, badmastlik bilan zamonani buzadi?!
Xonu monimg’a vido’ ettim g’amidin, vah, anga
Kim, dey olg’aykim, qil ul be xonu mon birlan vido’. (Navoiy, 1990, 55-b.)
Ikkinchi misradagi birinchi “kim” bog’lovchi emas, balki ikkinchi gapning egasi bo’lib kelgan kishilik olmoshidir. Shunday ekan, undan keyin qo’yilgan vergul xatodir.
Ko’nglum durur fatila emas mash’al ichrakim,
Ul sho’x o’t solib, quyar oning o’tig’a yog’. (Navoiy, 1990, 161-b.)
Birinchi misrada “fatila” so’zidan keyin vergul qo’yilishi kerak. Chunki “durur” va “emas” so’zlari birinchi misradagi qo’shma gapni tashkil bergan soda gaplarning kesimi bo’lib kelgan.
Charx dard ahlig’a har dam yog’durur gardi firoq,
O’t ravonroqkim, xatarliqdur, base, bu eski toq. (Navoiy, 1990, 166-b.)
Bu baytning ikkinchi misrasida “base” so’zini vergul bilan ayirish kerakmikan? Bu so’z kirish so’z vazifasida kelgan yuklama deb o’ylangan shekilli. Holbuki, bu so’z ko’p ma’nosini bildirib hol vazifasida kelgan.
Eyki, azm etting haram matlub hamrahdur sanga,
Sen yiroqsen andin, ammo ul sanga behad yovuq. (Navoiy, 1990, 168-b.)
Bu baytning birinchi misrasi qo’shma gapdir. Shuning uchun “haram” so’zidan keyin vergul qo’yib o’qilishi kerak.
Biz niyoz ahliyu sen noz ahlisen, rahm et gahe,
Qo’y niyoz etmakka bizni goh, o’zung ham noz qil (Navoiy, 1990, 205-b.)
Ikkinchi misrada vergulni “goh” so’zidan keyin emas, oldin qo’yish kerak. Chunki “goh” so’zi birinchi gapning emas, ikkinchi gapning holidir.
Sadqa aylarga anga loyiq, manga yo’q tuhfae,
Xasta jonim naqdi bordur elt, ey payki haram. (Navoiy, 1990, 209-b.)
Birnchi misradagi loyiq so’zidan keyin qo’yilgan vergul xatodir. Chunki bu misra bitta gapdan tashkil topgan. Gapning kesimi “yo’q” so’zidir. Egasi – “tuhfae”. “Sadqa aylarga” birikmasi to’ldiruvchidir. Anga loyiq – eganing (tuhfa so’zining) sifatlovchisidir. Manga (manda) to’ldiruvchidir. Ikkinchi misra esa, ikki gapdan tashkil topgan. Birinchi gap: jonim naqdi bordur. Ikkinchi gap: elt, ey payki haram. Shunday ekan, bu misrada “bordur” so’zidan keyin vergul qoyish kerak:
Sadqa aylarga anga loyiq manga yo’q tuhfae,
Xasta jonim naqdi bordur, elt, ey payki haram.
Manga tiyg’ ursa rizo berdimu ag’yorg’a, yo’q
Men turub o’lturur ani, ne zarofatdur bu. (Navoiy, 1990, 271-b.)
Bu baytda “manga tiyg’ ursa” gapi “rizo berdim” gapidan vergul bilan ajratilishi kerak va “ag’yorg’a” so’zidan keyin qo’yilgan vergul olinib, “yo’q” so’zidan keyin qo’yilishi sintaktik talabga muvofiq bo’ladi. Shuningdek, ikkinchi misradagi “men turub” gapi “o’lturur oni” gapidan vergul bilan ajratilishi lozim. Demak, bu bayt quyidagicha yozilishi va o’qilishi kerak:
Manga tiyg’ ursa, rizo berdimu ag’yorg’a yo’q,
Men turub, o’lturur oni, ne zarofatdur bu.
Isitqan, nozanin jismingki, terdin tushti tob ichra,
Erur bir otashin gul bargikim, yotqay gulob ichra. (Navoiy, 1990, 284-b.)
Birnchi misrada “isitqan” va “nozanin” sifatlari “jism” so’zini aniqlab kelayotgan bo’lsa-da, uyushgan sifatlovchilar hisoblanmaydilar. Chunki ular “jism” so’zini turli jihatdan sifatlayapti. Shuning uchun ham ularni vergul bilan ajratish maqsadga muvofiq emas. Shuningdek, “jismingki” so’zidan keyin qo’yilgan vergul ham ortiqchadir. Chunki bu yerda “ki” bog’lovchi emas, yuklamadir. “Jisming” so’zi birinchi misradagi gapning egasi bo’lib kelgan.
Ko’nglum istarni tilarmen boring, ey oyu quyosh,
Sizni ko’ngli istamas, ulkim tilar dilxohni. (Badoyil-vasat, 340-b.)
Birinchi misrada “tilarmen” so’zidan keyin vergul qo’yish kerak. Chunki birinchi gap shu yerda tugaydi va “boring” so’zi birinchi misradagi ikkinchi gapning kesimidir. Boring ikkinchi gapning kesimidir – (siz) boring. “Ey oyu quyosh” – mazkur gapda undalma bo’lib kelgan.
Buzdung bu ko’ngulni lojaram mulk –
Vayron bo’lur, o’lsa shoh zolim. (Navoiy, 1990, 352-b.)
Bu bayt uch gapdan tashkil topgan: 1. Buzdung bu ko’ngulni, 2. Lojaram (shubhasiz) mulk vayron bo’lur, 3. O’lsa shoh zolim. Shunday ekan, birinchi gapning oxiriga vergul qo’yilishi kerak va birinchi misra oxiridagi tire ham ortiqchadir. Chunki sintaktik jihatdan kesimi to’liq shakllangan gapda ega bilan kesim orasiga hecha qanday tinish belgisi qo’yish talab qilinmaydi.
Favoyid-ul-kibar
Navoiy o’ldi, base, xoru past xas yanglig’,
Sening yo’lungda esa, bas, anga bu izzu alo. (Navoiy, 1991, 7-b)
Bu baytda “base” va “bas” so’zlaridan oldin va keyin qo’yilgan vergullar ortiqchadir. Chopga tayorlovchi shaxs bu so’zlarni kirish so’z deb o’ylab, vergul bilan ajratgan bo’lishi mumkin. Lekin aslida, “base” so’zi “ko’p” ma’nosida birinchi gapda hol vazifasida kelgan. Shunday ekan, bu so’zni vergul bilan ajratish xatodir. Shuningdek, ikkinchi gapdagi “bas” so’zi modal so’z bo’lib, ikkinchi gapning kesimi bo’lib kelgan. Baytning ma’nosi quyidagicha: Navoiy xas yanglig’ base (ko’p) xor bo’ldi, sening yo’lingda esa unga bu izzu alo basdir.
Bir ahli ishqni yori halok aylab Navoiyni,
Bu yanglig’ yorsiz jon minnatin chekmak halok aylar. (Navoiy, 1991, 78-b.)
Birinchi misrada ikkita vositasiz to’ldiruvchi kelgan. “halok aylab” kesimi qaysi biriga tegishli? Halok aylab Navoiynimi yoki ahli ishqnimi? Menimcha “bir ahli ishqni yori halok aylab” - bir gap. “Navoiyni bu yanglig’ yorsiz jon minnatin chekmak halok aylar” - ikkinchi gap. Baytning sharhi: mumtoz adabiyotda qoida bo’yicha “ishq ahlini yori halok aylaydi, Navoiyni esa (bu qoidaga xilof) yorsiz jon minnatini chekish halok aylaydi. Shunday ekan, baytdagi vergul tartibi quyidagi shaklda bo’lishi kerak:
Bir ahli ishqni yori halok aylab, Navoiyni
Bu yanglig’ yorsiz jon minnatin chekmak halok aylar. (Bu gap qo’shma gap bo’lib, birinchi gapning egasi - “yori”, kesimi - “halok aylab”. “bir ahli ishqni” vositasiz to’ldiruvchi bo’lib kelgan. Ikkinchi gapning egasi – “bu yanglig’ yorsiz jon minnatin chekmak”. “Halok aylar” esa – kesim. “Navoiyni” so’zi vositasiz to’ldiruvchidir.)
Uyqudin bosh qo’yg’ay ul ko’z sajda, xud qilg’usi yo’q
Kofarekim, mastlig’din azmi mehrob aylamish. (Navoiy, 1991, 136-b.)
Birinchi misrada vergul “sajda” so’zidan keyin emas, balki “ko’z” so’zidan keyin qo’yilishi kerak. Chunki “uyqudin bosh qo’yg’ay ul ko’z” bir gap bo’lib, “sajda” so’zi “xud qilg’usi yo’q” biriikmasi tarkibida birgalikda ikkinchi gapning kesimi bo’lib kelgan. “Kofare” so’zi ikkinchi gapning egasidir. “Mastlig’din azmi mehrob aylamish” birikmasi eganing aniqlovchi-sifatlovchisidir. Baytning mazmuni: ul ko’z uyqudan bosh qo’yadi (uxlaydi). Nimaga o’xshab? Mastlikdan mehrob azmini qilgan kofarga o’xshab. Ammo bu kofarning mehrobga azm qilgani sajda uchun emas, balki mastlikdandir. Ko’zning ham uyqu ta’siridan bosh qo’yishi (yumishi) mehrobga (qoshga) sajda qilish uchun emas, balki mastlikdandir.
Jon berib zulmin chu topmon jon toparg’a vaslini,
Bas tamannoyi muholedur tamanno aylamak. (Navoiy, 1991, 156-b.)
Bu baytda ikkita gap bor. Birinchi gap: jon berib zulmin topmon. Ikkinchi gap: jon toparg’a vaslini, bas tamannoyi muholedur tamanno aylamak. Birinchi gapning kesimi – topmon. Egasi – yozuvda ifodalanmagan “men”. Zulmin – to’ldiruvchi. Jon berib – hol. Ikkinchi gapning kesimi – tamannoyi muholedur. Gapning egasi – jon toparg’a vaslini tamanno aylamak. Bas – hol. Bu baytning sharhi quyidagicha: jon berib (yorning) zulmini topa olmagandan keyin, jon topish uchun vaslini tamanno qilsih muhol (nomumkin) bir tamannnodir. Bu baytdan faqat birinchi misraning oxiriga bir vergul qo’yinsh bilan yuqoridagi sharhni chiqarish nomumkindir. Demak, bu baytda tinish belgilarini quyidagicha qo’yish maqsadga muvofiqdir:
Jon berib zulmin chu topmon, jon toparg’a vaslini,
Bas tamannoyi muholedur, tamanno aylamak.
Ikkinchi gapning kesimi (bas tamannoyi muholedur) eganing (jon toparg’a vaslini tammonno aylamak) o’rtasida kelgani uchun vergul bilan ajratishni ma’qul ko’rdik.
Ishq ahli, sotqun, olsa izing to’tiyosidin,
Qilg’il tarozu ikki ko’zumning qarosidin. (Navoiy, 1991, 254-b.)
Birinchi misradagi “sotqun” so’zini vergul ichiga olish xatodir. Bu misrada kelgan vergullar qanday vazifa bajarmoqda? Agar “sotqun” so’zini undalma deb vergul ichiga olgan bo’lsa, undan qanday ma’no chiqarish mumkin?! Aslida, bu baytda “sotqun olsa” birikmasi murakkab fe’l bo’lib, ergash gapning kesimi bo’lib kelayapti. Baytning sharhi: ishq ahli izing to’tiyosidan sotib oladigan bo’lsa, ikki ko’zim qorasidan tarozi qil. Mazkur bayt quyidagi shaklda yozilishi kerak:
Ishq ahli sotqun olsa izing to’tiyosidin,
Qilg’il tarozu ikki ko’zumning qarosidin.
Yuzung o’tin ohim yorutur erur, shukr
Ki, ul dam bila tiyra bo’lmas bu ko’zgu. (Navoiy, 1991, 264-b.)
Birinchi misrada “erur” to’liqsiz fe’lidan keyin qo’yilgan vergul xatodir. Aslida, vergul birinchi misradagi gapning kesimi – “yorutur” fe’lidan keyin qo’yilishi kerak:
Yuzung o’tin ohim yorutur, erur shukr
Ki, ul dam bila tiyra bo’lmas bu ko’zgu.
O’rtabon har kimni, o’t jonimg’a solma rashkdin,
Xalqni paydo, meni, majnunni, pinhon o’rtama. (Navoiy, 1991, 280-b.)
Bu baytning ikkinchi misrasidagi vergullar yanglish qo’yilgan va baytning ma’nosini murakkablashtirgan. To’g’risi: Xalqni paydo, men-i majnunni pinhon o’rtama. Bu kitobni nashrga tayorlovchi kishi ikkinchi misradagi “meni” va “majnunni” so’zlarini ajratilgan to’ldiruvchi deb o’ylagan. Buning sababi, Navoiy asarlari qo’lyozmalarida muzof bo’lib kelgan “men” olmoshi aksaran tushum kelishigi qo’shimchasini olgan shaklda keladi. Mazkur xato shundan kelib chiqqan bo’lishi mumkin. Aslida, bu baytda “men” va “majnun” so’zlarining sintaktik munosabati muzof + muzof ilayh bo’lib, fors tilidagi “man-i majnun” (منِ مجنون) tarkibi ta’sirida shakllangan. Bundan tashqari, “majnunni” va “pinhon” so’zlari orasidagi vergul ham yanglish qo’llangan. Ikkinchi misradagi “paydo” va “pinhon” so’zlari “o’rtama” kesimiga nisbatan hol vazifasida kelgan. “xalqni” va “men-i majnunni” so’zlari uyushib kelgan vositasiz to’ldiruvchidir. Shuningdek, birinchi misrada “o’rtabon har kimni” so’z birikmasidan keyin qo’yilgan vergul ham xatodir. Chunki bu birikma mazkur gapda hol vazifasida kelgan. Hol bilan kesim orasiga vergul qo’yish sintktik jihatdan o’rinli emas.
Keltirilgan misollar tahlili shuni ko’rsatadiki, Navoiy asarlarini chopga tayorlashda tinish belgilari matnning mazmunidan kelib chiqib emas, aksar hollarda umumiy bir qoida asosida misra oxiriga vergul, bayt oxiriga nuqta qo’yilgan va bu tavakkal hamisha ham o’zini oqlamaydi. Bundan tashqari, Navoiyning xoslar shoiri bo’lib qolishiga, shoir asarlarining barcha xatolardan xoli bo’lgan mo’tabar nusxasi yaratilmganligi yonida, hozirgi o’zbek adabiy tilining shakillanishida XX asr boshlarida sho’rolar davlatining, o’ziga qaram millatlarni manqurtga aylantirish maqsadida qilingan qasdiy va hisoblangan harakatlari ham sabab bo’lgan. Chunki bu davrdan boshlab mumtoz badiiy asarlarimiz so’z boyligi hozirgi o’zbek adabiy tili leksik qatlamiga kiritish man’ etildi va o’zbek tili eshigi ruscha so’zlar yuziga lang ochib qo’yildi. Natijada minglab ruscha so’zlar ruscha talaffuz bilan o’zbek tiliga kirib keldi. Go’yo o’zbek tilini ruscha-internasional so’zlar hisobiga boyitdilar. Natijada o’zbek tili o’zining milliy qiyofasini yo’qotib qo’ydi. “o’zbek tilining izohli lug’ati”ni tuzishda oktyabr inqilobidan keyingi davrda yaratilgan adabiyotlarga suyanildi. Undan oldingi davrda yaratilgan noyob asarlar reaksion asarlar deb qoralandi va Navoiy asarlarida faol ishlatilgan yuzlab sof turkiy so’zlar, shuningdek, tilimizning boyligi hisoblanmish arab tilidan asrlar davomida o’zlashgan arabcha so’zlar o’zbek tilidan surib chiqarildi. Bu qasdiy harakatlar natijasida Navoiy xoslar shoiriga aylanib qoldi. Hozirgi kunda Navoiy asarlari tili ko’pchilik o’zbeklar uchun begonalashib qolgan. Modomiki, Navoiyni tilimiz va adabiyotimiz, madaniyatimiz va ma’naviyatimiz, qolaversa, o’zligimizning asosi deb bilar ekanmiz, uning asarlarini xalqimizga nasriy bayon vositasida emas, balki to’g’ridan-to’g’ri – vositasiz yetkazishga harakat qilishimiz zarur. Bu ish Navoiy tili leksikasini to’laligicha o’zbek adabiy tiliga olib kirish bilan amalga oshadi.
Shuni unutmaslik kerakki, o’zliksiz hech qanday ma’naviyat va o’tmishsiz hech qanday kelajak bo’lishi mumkin emas. Har qanday kelajak faqat o’tmish ustiga quriladi. Shunday ekan, biz ham tilimizning milliy qiyofasini tiklash va xalqimizni o’tmishiga ulash uchun Navoiy asarlarida qo’llangan har bir so’zni tilimiz boyligi deb bilib, o’zbek tilining izohli lug’atlariga kiritishimiz zarur. Shundagina Navoiyni xoslar shoiri ekanlikdan chiqarib, barcha o’zbek xalqiga qaytargan bo’lamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Navoiy, Alisher. (1988). MAT. 3-jild. Toshkent: “Fan”.
Navoiy, Alisher. (1989). MAT. 4-jild. Toshkent: “Fan”.
Navoiy, Alisher. (1990). MAT. 5-jild. Toshkent: “Fan”.
Navoiy, Alisher. (1991). MAT. 6-jild. Toshkent: “Fan”.
Nazarova, S. (2014). Hozirgi o’zbek tili (sintaksis). Toshkent: “Buxoro”.
Ne’matov, H. (2011). Zamonaviy o’zbek tili (sintaksis). “Mumtoz so’z”.