-
-
2026-07-10
AFG‘ONISTON XALQI NIMAGA ERISHDI?
Bechora oddiy halq o‘lim, musibat, g‘am, tashvish changaliga mahkum qilindi. Qurol bozorining eng xaridorgir ishtirokchisi bo‘layotgani yetmagandek, Afg‘oniston narkotik moddalar ishlab chiqaruvchi va sotuvchi davlat sifatida dunyoning eng katta «o‘lim sotish bozori»ga aylantirildi. Chorasiz qolgan oddiy xalq esa yana o‘lim, vahshiylik va baxtsizlik hukm surgan «bozorning» ishtirokchilari bo‘lib qoldi.
Qariyib 35 yildan buyon mamlakat ichkarisida davom etayotgan urush, xalqning umumiy kayfiyatini va ahvolini haqiqatdan ham shunday ayanchli vaziyatlarga olib keldi. Afg‘onistonda davom etayotgan urush va beqarorlik sababli u yerda yashayotgan ko‘pchilik avom xalqning muammosi faqat non topish va tirikchiligini asrashdan iborat bo‘lib qoldi. Bunday ahvolga e’tibor qilmaslikning o‘zi, nafaqat begunoh insonlar o‘limiga qilingan e’tiborsizlik va loyaqatsizlikdir, balki insoniyatga qarshi qilinayotgan buyuk bir jinoyatga ham indamasdan sherik bo‘lish bilan teng deya baholanmog‘i o‘rinli bo‘lar edi.
Hozirgi kunda bunday noxush vaziyat nafaqat Afg‘onistonda, balki dunyoning ko‘pchilik tinch va farovon yashayotgan mamlakatlarida ham yuzaga chiqishi mumkin. Hozirgi globallashuv davrida Afg‘onistondagidek achinarli vaziyatga tushib qolishdan dunyoning hech bir davlati kafolatlanmagan davrda yashayotganligini hech kim unutmasligi kerak. Chunki o‘z manfaatlarini ko‘zlab boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashadigan tashqi kuchlar tomonidan dunyoning ko‘pchilik davlatlarida yaratib kelinayotgan qurolli to‘qnashuvlar bunga misol bo‘lmoqda.
Shunisi aniqki, urush va zulm hukm surgan joyda iqtisodiy yo‘qsillik va siyosiy tanglik vaziyati kelib chiqishi, oddiy xalqning ishsiz hamda qashshoq bo‘lishi va mamlakat vayronaga aylanishi muqarrardir. Bu ham Afg‘oniston misolida o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turgan va inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatlardan biri bo‘lib qoldi.
Uzoq davom etgan urush tufayli Afg‘oniston xalqining aksariyati davlat qonun-qoidalariga ishonmaydigan ahvolga olib kelindi. Natijada, Afg‘onistonda barcha sohalarda muammolar yuzaga chiqdi va bunga yetarlicha misollar mavjud. Masalan:
- Mamlakatda iqtisodiy farovonlik yo‘qoldi,
- Tirikchilik uchun kerakli bo‘lgan erkinlik yo‘qoldi,
- Ijtimoiy tartib intizomning nazorat qilinishi yo‘qoldi,
- Odamlarga xos oddiygina insoniy huzur-halovat yo‘qoldi,
Ya’ni, oddiy xalq va davlat boshqaruv tizimi tashqi kuchlar ta’sirida ushbu ko‘rsatilgan muammolarga e’tiborsiz bo‘lib yashashga majbur qilinganligi yashirib bo‘lmaydigan achchiq haqiqatga aylangan. Buning asosiy sabablari esa avvalo:
- Islom dinini niqob qilib olgan shovinistlar va terrorchi guruhlar o‘zlarining g‘arazli va yovuz niyatlarini yashirish maqsadida Afg‘onistonning oddiy avom xalqini qo‘rquv va dahshatga mahkum qildi. Qo‘rqitish va tahdid qilish yo‘li bilan mamlakatdagi qonunsizlik va zulmga nisbatan mahalliy xalq e’tiborsiz bo‘lib yashashiga olib kelindi. Ya’ni oddiy xalq mamlakat ichkarisida qilinayotgan barcha nohaqliklarga nisbatan ovozini chiqarmay indamasdan yashashga majbur qilib kelindi.
- Ba’zi bir nopok niyatli g‘arazli kimsalar Afg‘onistonning yaqin o‘tmishida, agar uning shaxsiy istagi amalga oshmasa mamlakatda yana urush davom etishi mumkinligini va o‘z maqsadi yo‘lida hattoki Afg‘oniston xalqining osoyishtaligini ham buzish qo‘lidan kelishini tahdidlar bilan e’lon qilib dunyoga jar solardi. Bunday soxta siyosatchilar Afg‘oniston o‘tmishida oddiy avom xalqni qo‘rqitish va unga tahdid qilish yo‘li bilan siyosiy lavozimlarga ega bo‘lib Afg‘oniston siyosiy sahnasiga ham chiqib olgan edilar va o‘z nayranglarini ko‘p marta ko‘rsatgan edilar. Bechora oddiy xalq shiddatli kuch ishlatilishidan va qurolli tahdidlardan qo‘rqqan holda dahshat ichida yashashga majbur qilingan edi. Afg‘onistonni ichki siyosiy buzg‘unchilikga yetaklagan unsurlarning o‘tmishda ko‘rsatgan nayranglari va qilmishlari evaziga mamlakat ichkarisida chiqqan urush tufayli hozirgi kungacha ham oddiy avom xalq azobu uqubatda va g‘am-tashvishda yashashga mahkum qilindi.
- Afg‘oniston tarixida o‘z davlatining va o‘z xalqining ishonchini suiste’mol qilish orqali yolg‘on yo‘llar bilan yuksak davlat lavozimlarini egallagan va bu ishonchni nopok ishlarda qo‘llanib o‘z shaxsiy manfaatlariga erishgan amaldor shaxslarning o‘tmishdagi qilmishlari oqibatida Afg‘oniston ijtimoiy va iqtisodiy vaziyati nochor ahvolga olib kelindi.
- Afg‘oniston o‘tmishida davlatning yuksak lavozimlarida ishlagan ba’zi nopok niyatli amaldorlar o‘z shaxsiy manfaatlariga erishish yo‘lida, hattoki Afg‘oniston davlat qonun-qoidalarini va tartiblarini ham ma’lum bir toifalarning yoki o‘ziga tegishli qabilalarning foydasiga ishlatish bilan oddiy avom xalq ichida har xil ziddiyatlar keltirib chiqarib Afg‘onistonning tashqi va ichki siyosiy vaziyatga yomon ta’sir o‘tkazib keldi.
- Afg‘oniston o‘timishida yuqori davlat lavozimlarida ishlagan ba’zi bir amaldorlarning ochko‘zligi, fahmsizligi, farosatsizligi hamda nopokligi oqibatida Afg‘onistonda uyushgan jinoyatchi guruhlar yuzaga chiqdi. G‘araz niyatli nopok kishilar tomonidan qilinayotgan adolatsizliklar sababli, nafaqat davlatning moddiy boyligi va oddiy xalqning mol mulki, balki odamzotning eng katta boyligi bo‘lmish ma’rifati bilan birga ma’naviyati ham talon taroj qilinganligi, e’tiroz qilinmaydigan haqiqatga aylandi.
Hamjixatlik va daxldorlik tushunchalari.
Odamlarda o‘z millatining hozirgi ahvoliga nisbatan daxldorlik hissi bo‘lmasa va ular o‘z millatining o‘tmishi bilan kelajagiga nisbatan befarq bulib yashasalar bunday mamlakatda ijtimoiy nazorat mexanizmi ishlamaydi. Natijada davlat ichkarisida yashovchi xalq ichida ijtimoiy tartibsizliklar va odamlar o‘rtasida o‘zora kelishmovchiliklar kelib chiqadi, bunday g‘alayonlar har qanday millat uchun halokatlidir.
Mamlakat ichkarisida yuzaga chiqqan ijtimoiy tartibsizliklar va odamlar o‘rtasidagi ichki nizolarning insonlar o‘limiga sababchi bo‘lishi, nafaqat har bir insonning davlat qonunlariga hamda iqtidordagi hukumatga nisbatan hurmati va ishonchining yo‘qolishiga olib keladi, balki mamlakat ichkarisida parokandalik va ichki nizolar oqibatida qurolli tuqnashuvlar ham chiqishiga sababchi bo‘ladi.
Mamlakat ichkarisidagi ko‘pchilik shaxslarni bir g‘oya atrofida birlashib, ular o‘z millatining hamda o‘z Vatanining iqtisodiy va siyosiy ahvoliga e’tiborli bo‘lib daxldorlik hiss tuyg‘usi ichida yashashga undaydigan eng asosiy masalalar bu:
- Har bir odamning shaxsiy erkinligi u yashayotgan davlatning qonunida tan olinishi bilan birga har tomonlama to‘g‘ri ishlab chiqilgan davlat dasturlari asosida himoya qilinishi ijro etilishi.
- Davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy tartib hamda qonun ustivorligini baholaydigan ijtimoiy intizom qanchalik darajada qonunga mos ravishda ishlayotganini nazorat qilishda, mamlakatning iqtidordagi hukumati amalga oshirayotgan ichki va tashqi siyosati o‘rni juda muhimligi.
- Hukumat, o‘z xalqini qonuniy yo‘l bilan himoya qilayotganligini va bu jarayonni davlat qonuniga ko‘ra to‘g‘ri amalga oshirayotganligini nazorot qilish kabi masalalarda davlatning ijro tizimining harakatlarini belgilovchi davlat qonunining shakli umuminsoniy huquq meyorlariga ko‘ra ishlab chiqilgan bo‘lishi.
- Hukumat davlat qonunlariga ko‘ra ishlayotgan bo‘lsa unda davlatni boshqarayotgan hukumatning siyosatiga nisbatan oddiy insonlarning fidokor bo‘lishi ta’minlanadi va xalqning e’tiborida hukumatga nisbatan ijobiy ijtimoiy fikr yaratilishiga vasila bo‘ladi.
Inson va jamiyat tushunchalari.
Har bir millatning istagi va orzusi o‘z davlatida adolatli ijtimoiy tartib o‘rnatilgan, iqtisodiy tomondan rivojlangan, siyosiy barqarorligi ta’minlangan erkin va farovon jamiyatni qurishdan iboratdir.
Ko‘pchilik insonlarning mehnatlari evaziga erishilgan yutuqlar asosida borlig‘ini davom ettirayotgan davlatning iqtisodini rivojlantirishga qaratilgan harakatlar va xalqning turmushini farovon qilishga qaratilgan harakatlar eng avvalo davlat tomonidan rejalashtirilgan islohat dasturlariga ko‘ra amalga oshirilishi lozim.
Davlatning islohat rejasi va dasturini amalga oshirish uchun esa mamlakatning ichki tinchligini, osoyishtaligini har xil tashqi kuchlarning yovuz niyatli harakatlari ta’siridan va ichki nizolar oqibatida kelib chiqadigan siyosiy yemirilishlardan himoya qilish zarur. Buning uchun eng avvalo mamlakat ichkarisida adolatli ijtimoiy tartib o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
Dunyodagi ko‘pchilik davlatlarning tarixiga nazar solib qaraganimizda ajoyib bir xususiyatni aniqlashimiz mumkin. Deyarli barcha davlatlarning o‘z hurriyatini yo‘qotishiga va boshqa bir davlatga qaram bo‘lib o‘z erkini qo‘ldan berishiga asosiy sabablar bu:
- Mamlakat ichkarisidagi fuqoralarning ijtimoiy himoyasizligi va hukumat tomonidan o‘z xalqiga nisbatan qilgan adolatsizliklari natijasida kelib chiqqan siyosiy beqarorlik bilan parokandalik oqibatida davlatning hurriyati yo‘qotiladi va boshqa bir kuchliroq davlatga qaram bo‘lib qoladi. Chunki adolatsizlik bo‘lgan joyda huquq va axloq meyorlariga rioya qilish ta’minlanmagan bo‘ladi. Bu vaziyat insonlarning davlatga nisbatan nafratini o‘yg‘otadi. Natijada davlatni himoyalaydigan asosiy kuch bo‘lgan xalqda davlatni himoya qilish his va tuyg‘usi yo‘qoladi.
- Adolatsizlik tufayli davlat tizimidagi huquq va axloq mexanizmlari ishlamagan jamiyatda ijtimoiy tartibsizlik kelib chiqishi aniq va ichki nizolarning surunkali tus olishi oqibatida xalq parokanda bo‘ladi, mamlakat xududlari parchalanadi yoki tashqi kuchlar ta’sirida davlat ham, uning xalqi ham o‘z hurriyatini yuqotadi.
- Adolatsizlik hukum surgan joyda yashayotgan odamlarda davlat tizimiga nisbatan ishonchsizlik bilan norozilik kelib chiqadi. Sababi odamzod har qanday jismoniy qiyinchilikka bardosh berib chidashi mumkin, lekin ruxiy va ma’naviy adolatsizlikka nisbatan befarq bulolmaydi.
Bunday noxush vaziyatlarda hech bir g‘oya jamiyatni jipslashtirib taraqqiyot sari yetaklay olmaydi va oxir oqibatda ichki nizolar yoki tashqi kuchlar ta’sirida davlat tizimi barbod bo‘ladi yoki mustamlakaga aylanadi. O‘z mustaqilligini yuqotgan xalq taqdiri o‘zga davlatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi. Xalq erkinligini va mamlakat hurriyatini yana qayta qo‘lga kiritish esa mashaqqatli va uzoq tarixiy jarayonni taqozo qiladi. Sababi adolat bu jamiyatning poydevoridir. Millatning millat bo‘lishida adolat eng muhim birlashtiruvchi omil. Adolat bo‘lmagan va adolat tuyg‘usi yakson qilingan joyda millat bo‘lmaydi, jamiyat qavmlarga parchalanib ketadi. Adolat bo‘lmagan joyda na din, na millat, na madaniyat va na ma’naviyat buladi. Buyuk Soxibqiron amir Temur «Kuch Adolatda» degan tushunchasi bilan olamni zabt qilgan. Aynan mana shu adolat sababli uning nomi dunyo tarixida va insoniyot tafakkurida o‘chmay abadiy yashaydi.
Adolatli ijtimoiy tartib qoidalari.
Dunyoda bo‘layotgan siyosiy va ijtimoiy vaziyatlarni hisobga olgan holda Afg‘oniston o‘zbeklari ham dunyoning barcha davlatlarida bo‘lgani kabi, o‘zlarining milliy ongini va milliy o‘zligini asrashi lozim. Aynan mana shu haq va huquqlarni amalga oshirish uchun shart bo‘lgan harakat, milliy adolatni ta’min qilish deya baholonmog‘i zarur. Jamiyatda «Adolatli ijtimoiy tartib» o‘rnatilishi uchun zarur bo‘lgan omillar bu:
- Mamlakatda huquq va axlok meyorlariga rioya qilishni ta’minlashga qodir bo‘lgan «Nazorat qiluvchi tizim» shakllangan bo‘lishi lozim.
- «Nazorat qiluvchi tizim»ning samarali ishlab turishini ta’minlaydigan «Nazorat qiluvchi tizimni harakatlantiruvchi mexanizm» shakllangan bo‘lishi lozim.
- Jamiyatda «Adolatli ijtimoiy tartib» o‘rnatishga qodir bo‘lgan «Nazorat qiluvchi tizim»ni ishlatadigan «Nazorat qiluvchi tizimni harakatlantiruvchi mexanizm»ning shakllanishi uchun jamiyatning umumiy bilim saviyasi va xalqning bosim ko‘pchiligining ma’naviyati yuksak bo‘lishi shart.
- «Adolatli ijtimoiy tartib»ni o‘rnatadigan «Nazorat qiluvchi tizim» va uni harakatlantiruvchi mexanizmning samarali ishlashi odamlarning o‘z jamiyatidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatiga daxldorlik hissiga uzviy bog‘langan.
- Tushunchalari umummilliy g‘oya negizida o‘z millatining ma’naviyatidan oziqlanib yuksalgan va o‘z Vatanining ravnaqiga bo‘lgan daxldorlik hissi asosida kishiligi shakllangan shaxsda iroda kuchli bo‘ladi. Irodasi kuchli odamgina o‘z xalqining ijtimoiy va siyosiy muammolariga nisbatan daxldorlik hissi bilan yashashni amalga oshira oladi.
- Bilimi va ma’naviyati yuksak kishilarning birikimi iroda kuchi bilan daxldorlik hissi jo‘sh urib turgan odamlar jamoasini tashkil qilgan holda o‘z mamlakatida «Adolatli ijtimoiy tartib»ni o‘rnatishga qodir bo‘lishadi.
- Adolatli ijtimoiy tartib va intizom o‘rnatilmagan joyda, odamlar o‘zlari yashab turgan davlatning hukumatidan norozi bulib yashaydi. Davlat ravnaqi uchun o‘zlarining fidokorligini va shaxsiy ichki imkoniyatlarini to‘liq namoyon qilmaydilar, ya’ni xo‘ja ko‘rsin, vaqt o‘tsa bo‘ldi qabilida ish tutib o‘z miilatining va davlatining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy ahvoliga nisbatan befarq buladilar.
- O‘z davlatining va millatining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy siyosiy muammolariga befarq bo‘lish bu o‘zi yashayotgan mamlakatning davlat tizimi tomonidan qilinayotgan adolatsizlikka nisbatan ilojsizlik va ojizlikdan kelib chiqadigan vaziyat. Insonlarning hukumatga nisbatan befarqlik va norozilik kayfiyati har qanday davlatning va millatning borlig‘iga jiddiy taxdid bo‘lib xisoblanadi.
- Davlat tizimida hukumat tomonidan mustaxkam adolatli ijtimoiy tartib o‘rnatilsa odamlarda har kanday tashqi taxdidga qarshi tura oladigan ma’naviy va mafkuraviy tushuncha shakllanadi. Bunday jamiyatning iqtisodiy va harbiy qudrati ham kuchli bo‘ladi. Shuning uchun hukumat va jamiyatning asosiy e’tibori adolatli ijtimoiy tartibni o‘rnatishga qaratilgan bo‘lishi shart.
Milliy maqsad.
O‘zi yashayotgan mamlakatda Tinchlik va Farovonlik qaror topishini istash bu dunyodagi barcha o‘zbeklarga hos milliy zehniyatning asosini tashkil etadigan milliy maqsaddir. O‘zbeklar zehniyatiga xos bo‘lgan g‘oyaviy tushuncha va shu tushunchaga mos bo‘lgan mafkuraviy usullar yordamida milliy maqsadga erishishga muvoffaq bo‘linadi. Afg‘onistonda o‘zbek millatiga qarshi qilinayotgan barcha noqonuniy harakatlarni bartaraf qilish uchun o‘zbeklar tomonidan tashkil qilingan jamiyatlar va ijtimoiy tashkilotlar faqat madaniy, ma’rifiy va ma’naviy yo‘l bilan kurash olib borishlari zarur.
Afg‘oniston davlat tizimida egallagan lavozimini suiste’mol qiluvchi ba’zi amaldor shaxslarning mamlakat ichkarisida yaratgan su’niy to‘siqlariga, jinoyi guruhlariga va boshqa millatlar ichida o‘zbeklarga nisbatan adovat chiqarishga harakat qiladigan unsurlarga qarshi adolatni talab qilish yo‘lida kurashadigan kuchli milliy ijtimoiy uyushmalar, jamiyatlar va tashkilotlar yaratilib Afg‘onistonda yashayotgan o‘zbek xalqining milliy rivojlanish dasturiga asoslangan holda ish olib borishlari lozim. Bu soxada ish olib boradigan uyushmalar, jamiyatlar bilan tashkilotlarning harakat qo‘llanmalarida va nizomlarida ko‘rsatilishi zarur bulgan masalalar asosan:
- Ijtimoiy muammolarni hal etish dasturi,
- Savodsizlikka qarshi kurashish dasturi.
- Milliy o‘zlikni anglash dasturi.
- Milliy madaniyat va ma’rifatni rivojlantirish dasturi,
kabi masalalar ustida keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borilishi inobatga olingan bo‘lishi zarur. Ya’ni bu dasturlar Afg‘oniston o‘zbeklarining ichidan chiqqan ziyoli va insofli kishilarning bilim va tajribalaridan foydalangan holda qabul qilingan qo‘llanmalar asosida bajarilishi shart. Eng muhimi, aholi ichidagi va davlat tizimidagi juda muhim hayotiy muammolarga diqqat etilgan holda amalga oshirilishi zarur.
Afg‘oniston o‘zbeklarining milliy haq huquqlarini ta’minlovchi adolatli ijtimoiy tizimni o‘rnatish uchun kerakli bo‘lgan harakatlarning milliy adolatni ta’minlovchi qoidalarini barpo etish va bu soxada ish olib borish uchun kerakli qoidalar bu:
- «Milliy tenglikni ta’minlovchi asosiy qoida»,
- «Milliy va madaniy qadriyatlarni belgilovchi ijtimoiy qoida»,
- «Milliy va madaniy xaq-huquqlarning qoidasi»,
kabi qoidalar majmuidan iborat bo‘lgan ijtimoiy tartib «Milliy adolat qoidalari» deya qabul qilinishi shart.
Afg‘onistonlik o‘zbeklarga nisbatan milliy adolatning davlat qonun va qoidalarga ko‘ra ishlashini nazorat qiladigan ma’naviy va madaniy masalalarni xalq ichida targ‘ib qilish niyatida faoliyat ko‘rsatadigan uyushmalar, jamiyatlar bilan tashkilotlar namoyandalari:
- O‘qituvchi va ustozlar
- O‘qimishli va savodli kishilar,
- Hayotiy tajribaga ega yoshi ulug‘ nuroniy yoshdagi kishilar,
- Millat vakillari va davlat lavozimida ishlayotgan shaxslardan tashkil topgan bo‘lishi zarur.
Afg‘onistonlik o‘zbeklarning milliy haq-huquqlari Afg‘oniston davlatining qonunlarida ko‘rsatilgan tartibga ko‘ra mos ravishda ta’minlanayotgani va ijro etilayotgani, ushbu milliy adolat qoidalariga asoslangan holda olib boriladigan ijtimoiy va siyosiy harakatlar bilan nazorat qilinishi shart.
Baxt va erkinlik tushunchalari.
Insoniyot tarixidan ma’lumki ibtidoiy jamiyatlar davridan e’tiboran, ya’ni odamlarda ijtimoiy ong shakllana boshlashi bilan ular baxtli hayot kechiradigan farovon jamiyatni orzu qilib yashamoqda.
Baxtli hayotni ta’minlaydigan farovon jamiyat o‘z-o‘zidan paydo bulmaydi. Inson o‘zining erkin va farovon yashashi yo‘lidagi zgu maqsadlarini amalga oshirish uchun kerakli bo‘lgan o‘zi yashab turgan mamlakat xududlarini ichki va tashqi g‘oyaviy taxdidlardan asrashi ham kerak. Buning uchun quyidagi masalalar juda muhim tushunchalar bo‘lib hisoblanadi:
- Qanday millat va qanday irq namoyandasi bo‘lishidan qat’iy nazar insonlarning barchasi baxtga va farovonlikka intiladi. Baxt bu nafaqat insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarining butunlay qondirilgan holati, balki uning ruxiyatida o‘zi istagan joyda qo‘rquvsiz va erkin yashashga bo‘lgan ishonch hissining ham mavjudligidir.
- Inson, baxtli bo‘lishi uchun erkin bo‘lishi, erkin bo‘lishi uchun esa avvalo uning shaxsiy hayoti va shaxsiy fikri mustaqil bo‘lishi kerak. Har bir insonning shaxsan va fikran mustaqil bo‘lishining asosiy mazmun-mohiyati va bu hayotda yashashdan maqsadi ham «o‘z taqdiriga o‘zi ega» bo‘lishdan iboratdir. Aynan mana shu «o‘z taqdiriga o‘zi egalik qilish» haq huquqini himoyalab bilgan insongina erkin va mustaqil kishi bo‘lib hisoblanadi.
- Inson, o‘z milliy g‘oyasini va mafkurasini himoya qilish orqali yashab turgan joyida farovon jamiyat qurish niyatini haqiqatga aylantirishi mumkin. Buning uchun har bir odam o‘z shaxsiy fikrining va yashayotgan hayotining erkinligini asrab-avaylab mustaxkamlab borishi kerak.
- Erkin bo‘lishi uchun va o‘z erkini asrashi uchun qilgan harakatlari evaziga inson hayotiy tajribalar orttiradi. Olgan bilimlari va tajribalari asosida esa «o‘z taqdiriga o‘zi egalik qilish» haq huquqini hayoti davomida yanada mustaxkamlashga intilishi kerakligini umrining oxirigacha tushunib boradi.
- Hech kimga qaram bo‘lmasdan erkin yashash har bir insonning haqqi ekanligini tushungan, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham erkinlikni ravo ko‘radigan va erkin bo‘lishni o‘zining shaxsiy yashash tarziga aylantirolgan insonda shaxsiy erkinlik haq-huquqlari haqida ijtimoiy ong qoliplashgan bo‘ladi.
- Shaxsan va fikran erkinlik haqidagi ijtimoiy ong barcha millatlar va barcha jamiyatlarda ilg‘orlik kasb etgan umuminsoniy tafakkurning poydevori bo‘lib hisoblanadi. Zero, shaxsan va fikran mustaqil bo‘lmagan odam nafaqat erkin yashay olmaydi, u erkin fikrlay ham olmaydi. Odamlari erkin fikrlay olmagan millat esa hech qachon farovon jamiyatni qura olmaydi.
- Baxtli hayot kechiradigan farovon jamiyatni tuzish yo‘lida odamlar o‘zi yashab turgan davlatning ravnaqi uchun fidokorlik bilan samarali mehnat qilishlari kerak bo‘ladi. O‘z Vatanining va Millatining ravnaqi yo‘lida baxtli hayot kechiradigan farovon jamiyat tuzish uchun xizmat ko‘rsatishni istagan odamning samarali mehnat qilishi uchun eng avvalo u o‘z ichki imkoniyatlarini va ezgu niyatlarini to‘liq namoyon qilib bilishi lozim. Bu harakatni faqat ruxan erkin va shaxsan hurriyati o‘z qo‘lida bo‘lgan odamlargina amalga oshirishning uddasidan chiqib biladi.
Siyosiy va ijtimoiy vaziyat.
Barcha ilg‘or fikrdagi insonlar biladiki, boshqa millatlar ustidan zo‘ravonlik qilish asosida va haddan tashqari kuchayib ketgan millatparastlik «shovinizm» asosida kurilgan har qanday davlat va bu siyosatni amalga oshirayotgan har qanday mafkura inqirozga uchraydi.
Boshqa xalqlar «past tabaqalilar» deya atalib, ular ustidan o‘z milliy ustuvorligiga ega ekanligiga ishonib yashashga asoslangan har qanday davlat tizimi tarixan halokatli ekanligiga sabab - shovinizm va zo‘ravonlik bilan shiddatli millatparastlik ifoda etuvchi unsurlar avvalo o‘z davlati ichkarisida g‘alayonlar boshlaydi va ko‘plab begunoh tinch aholini qurbon qilishidadir. Bu jarayon oqibatida qochqinlarning kupayishi va ziyoli tabaqaning yuqotilishi muqarrardir. Natijada, bunday joyda davlat tizimi inqirozga mubtalo bo‘ladi. Millatparast zo‘ravonlik bilan qilinadigan shiddatli harakat kuchi shu qadar yovuz kuchki, bu kuch unga duch kelganlar uchun ham, uni boshqalarga qaratayotganlar uchun ham naqadar xavfli ekanligini payqamaslik mumkin emas. Buning isbotini ko‘p yillardan buyon ichki nizolar va qurolli to‘qnashuvlar girdobiga tashlangan Afg‘oniston misolida ko‘rmoqdasiz.
Afg‘onistonda o‘zbeklar ming yillardan buyon shu to‘proqlarda yashab kelayotgan xalqdir. Lekin Afg‘oniston deya nomlanuvchi xududda yashayotgan o‘zbeklar oxirgi 200-300 yildan buyon hech bir ijtimoiy-siyosiy haq-huquqqa ega bo‘lgan emas. Afg‘oniston tarixan o‘zbeklarning o‘z Vatani ekanligi pisand qilinmay, madaniy va ma’rifiy qadriyatlari kamsitilgan xalq maqomida yashab juda murakkab tarixiy vaziyatlarni boshidan o‘tkazib keldi. O‘zbek xalqining bebaho milliy, madaniy merosining va bir necha ming yillik tarixining bir qismi aynan shu hudud bilan bog‘liq ekanligiga yetarlicha dalil va isbotlar mavjud bo‘lishiga qaramay, ba’zi bir millatparast kimsalar davlat tizimidan foydalangan holda, nafaqat o‘zbek milliy tarixiga va madaniyatiga e’tiborsizlik va bepisandlik qilib keldi, balki Afg‘onistonda o‘zbek millatining borlig‘ini yo‘q qilish siyosatini ham olib borgan edi. Butun boshli o‘zbek millati bunday munosabatga loyiq bo‘lmasada o‘zlarining tug‘ilib o‘skan yurti bo‘lmish Afg‘oniston bilan bog‘liq o‘zbeklarning bir necha ming yillik buyuk tarixi va madaniyati nazarga ilinmay, kamsitilib, xo‘rlanib boshqa millatlar bilan teng haq-huquqlarga ega bo‘lib yashash masalasi Afg‘oniston o‘tmishida yaratilgan millatparast siyosiy tizimlarning namoyandalari bo‘lmish ba’zi bir farosatsiz shaxslar tomonidan yaqin yaqin kunlargacha oyoq osti qilinib kelinganligi hammaga ma’lum. Aslida esa:
- Afg‘oniston hududida joylashgan bir necha ming yillik tarixiy ahamiyatga ega me’moriy yodgorliklarning haqiqiy meroschisi va ma’naviy egasi Afg‘onistonda yashayotgan hozirgi o‘zbek millatidir.
- O‘zbekiston tashqarisida yashaydigan o‘zbeklar soni bo‘yicha Afg‘onistondagi o‘zbeklar O‘zbekistondan so‘ng dunyoda 1-o‘rinda turadi. Afg‘onistondaki o‘zbeklar millat sifatida shakllangan o‘z yerlarida yashab kelmoqda.
- O‘zbekiston tashqarisida dunyoda faqat bitta Afg‘onistonda o‘zbek tili Afg‘onistonning asosiy qonuni bo‘lmish Konstitutsiyasiga ko‘ra rasmiy davlat tili deb tan olingan.
- O‘zbekiston tashqarisida o‘zbek tilida dars o‘qitadigan oliy o‘quv yurtlar va o‘rta ta’lim muassasalari soni bo‘yicha Afg‘oniston o‘zbeklari dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
- O‘zbekiston tashqarisidagi o‘zbek tilida ish olib boruvchi TV, radio, gazeta, kitoblar va boshqa ommaviy axborot vositalari soni bo‘yicha ham Afg‘oniston o‘zbeklarining faoliyatlari O‘zbekistondan so‘ng dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Milliy zehniyat.
Afg‘oniston o‘zbeklarning milliy o‘zligini yo‘q qilishga qaratilgan diniy aqidaparastlik, ekstremizm, nashavandlik kabi illatlar tashqi yovuz kuchlar tomonidan yoshlar orasida targ‘ibot qilinib g‘oyaviy qurol sifatida o‘zbeklarni ichdan yemirish uchun foydalanib kelindi. Hozirgi paytda o‘zbekning milliy borlig‘ini yo‘q qilishga harakat qilayotgan kuchlar borligi inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatga aylangan davrda yashamoqdamiz.
Bir necha ming yillar davomida shakillangan o‘zbek Milliy tushunchalarini, yetarlicha o‘zlashtirib ulgurmagan, dunyoqarashlari shakillanib ulgurmagan, hali endigina Vatan va Millat tushunchalarini egallayotgan yoshlar tafakkuriga har xil targ‘ibot yo‘llari bilan ta’sir ko‘rsatib o‘zbek milliy mafkurasiga yod bo‘lgan yovuzlik, aqidaparastlik va terrorchilik kabi illatlarni kiritishni istayotgan tashqi kuchlar borligi ko‘pchilik oddiy xalq namoyandalariga ma’lum bo‘lib qoldi. Bunday soxta targ‘ibot va yovuz g‘oyalarga qarshi kurashadigan «Umummilliy o‘zbek tushunchasi» tarafdori bo‘lgan insonlarning tafakkuridan joy olishi shart bo‘lgan tushunchalar bu:
- Yashayotgan geografik muxitning ta’sirida va tarixiy voqealar jarayonida qoliplashgan «Milliylik» tushunchasi har bir insonning irsiy xotirasidagi ma’lumotlar hamda nasldan naslga beriluvchi milliy urf-odatlar ta’sirida rivojlanadi va umumiylikni belgilovchi «Milliy o‘zlikni»ni tashkil qiladi.
- Inson xulqining tarbiyaviy jixatini, milliy shaklini va ijtimoiy-siyosiy chegarasini belgilovchi Or, Uyat, El va Yurt tushunchalarining birikimidan hosil bo‘ladigan «Milliy tushuncha»ning «Milliy g‘urur»ga aylanishi bu o‘z Vatani va o‘z xalqi bilan faxrlanishdan kelib chiqadigan bir tuyg‘udir.
- «Milliy g‘urur» har bir jamiyat tomonidan ijobiy baholanuvchi tuyg‘u bo‘lishi bilan birga «Milliy g‘urur» bu o‘z xalqining va o‘z mamlakatining kelajagiga e’tiborsiz bo‘lmagan shaxsning Vatanparvarlik va Millatparvarlik haqidagi tushunchalarini sayqallaydigan fikr harakatidir.
- Milliyligi, milliy o‘zligi, milliy g‘ururi bilan birga oilaviy, madaniy yaqinligi va bir-biriga bo‘lgan iqtisodiy ehtiyojlarini birlashtira olgan va shu tushunchalar asosida birikib «El-Yurt» bo‘la olgan odamlar o‘zining milliy borlig‘ini, yashash tarzini, milliy urf-odatlarini o‘z xalqining «Milliy qadriyati» deya hisoblaydi. Bu «Milliy qadriyatni» nasldan naslga berish va kelajak avlodini o‘stirib ulg‘aytirish maqsadida egallagan makonini o‘zining «Milliy mafkurasiga» tayangan holda himoya qiladi va bu jarayon inson tafakkurida o‘ziga xos «Milliy ong» yaratadi.
- Insonlarning oilaviy qon qarindoshligi, madaniy jixatdan bir-biriga o‘xshashligi qolaversa bir-biriga bo‘lgan iqtisodiy ehtiyoji sababli yuzaga chiqadigan ijtimoiy birikma o‘laroq qabul qilingan «El-Yurt» tushunchasiga nisbatan qarshi qo‘llanilgan barcha tashqi yoki ichki harakatlardan hosil bo‘ladigan yaxshi yoki yomon hiss tuyg‘ularning ifodasi shu jamiyatning o‘ziga xos «Milliy Ori» va «Milliy uyati» kabi tarbiyaviy jixatlari bilan nazorat qilinadi.
Mamlakatning ijtimoiy farovonligini rivojlantirishda zarur bo‘lgan Vatanparvarlik va Millatparvarlik to‘yg‘usi odamlarning shaxsan o‘zlarigagina xos bo‘lgan ichki imkoniyatlarini to‘liq namoyon qilishiga va o‘z xalqining ahvoliga befarq bo‘lmasligiga turtki bo‘ladi. Bu esa har qanday siyosiy va ijtimoiy faoliyatni samarali qiluvchi muhim omildir.
Milliy mafkura.
O‘zbek xalqining milliy zehniyatining asosini tashkil qiladigan xalqchillik va hamjixatlik kabi fazilatlar, dunyoning boshqa ko‘pchilik ilg‘or xalqlarida bo‘lgani kabi o‘ziga xos ma’naviyat va ma’rifatning tayanadigan asosiy ustunlaridir. Chunki aynan o‘zgalar taqdirini o‘ylashga hamda ularga nisbatan befarq bo‘lmaslikka da’vat qiluvchi eng asosiy kuch bu har bir kishining xalqchillik va hamjixatlik kabi fazilatlari bo‘lib hisoblanadi.
Dunyoda qancha rivojlangan davlatlar bo‘lsa ularning deyarli hammasida o‘z milliyligini asrab himoya qilish va yashatish tushunchalari majmuidan tashkil topgan «Milliy g‘oyasi» mavjud. Har bir «Milliy g‘oya» shu millat tafakkurining maxsulidir va o‘z xalqiga nisbatan ezgu niyatli ziyoli kishilarga, milliy tarixi haqida chuqur bilimga ega shaxslarga va yuksak ma’naviyatga ega o‘z millatining fidokorlariga tayangan holda shu xalqning «Milliy mafkurasini» tashkil qiladi.
O‘z o‘tmishidagi tarixiy yo‘lini bilmaydigan va o‘z milliy borlig‘ini davom ettirish uchun kerakli bo‘lgan irodasi yo‘q olomonning millat bo‘lib birlashishi mumkin emas. Chunki taqdir tomonidan boshiga tushgan dolzarb hayotiy masalalarning yechimini tarixda bo‘lib o‘tgan voqealar bilan taqqoslab aniq tasavvur qila olmaydigan va o‘z milliy kelajagi hakida kayg‘urmaydigan olomon hech qachon milliy g‘oyaga va milliy mafkuraga ega bo‘lolmagan. Bunday maqsadsiz, mafkurasiz va g‘oyasiz odamlar yig‘indisi millat sifatida ham hech qaysi jamiyat tomonidan tan olinmagan. O‘ziga xos milliy maqsadi, milliy g‘oyasi va milliy mafkurasi bo‘lmagan har qanday davlat va millat, xattoki har qanday inson ham o‘z yo‘lini yuqotishi muqarrardir.
Afg‘onistonda yashayotgan o‘zbek xalqi orasida milliy madaniyatiga va ma’rifatga to‘g‘ri kelmaydigan vaziyatlarning yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamda yovuz niyatli kishilarning faoliyati oqibatida oddiy avom xalq chorasiz kambag‘al bo‘lib qolish xavfining oldini olish uchun ma’naviy va ma’rifiy jabxada g‘oyaviy kurash olib boruvchi insonlarni birlashtiruvchi asosiy g‘oyaviy tushunchalar va Afg‘onistondagi o‘zbek xalqining bir necha asrlik orzu havaslari eng avvalo quyidagi maqsadlarga erishishdan iborat bo‘lishi shart:
- Xalqning iqtisodiy farovonlik darajasini yuksaltirish,
- Savodsizlikka qarshi umummilliy ma’rifiy kurash,
- Shaxsga nisbatan adolat o‘rantilishi uchun ma’naviy kurash,
- O‘zbek millatiga xos bo‘lgan ezgu niyatli zehniyatni shakllantirish,
- O‘zbek millatining tarixiga bo‘lgan hurmatni oshirish,
- O‘zbek milliy o‘zligini anglash ongini tarbiya qilish,
- O‘zbek madaniyatini va ma’naviyatini yuksaltirish,
Dunyodagi barcha ilg‘or zehniyatli millatlarda bo‘lgani kabi Afg‘oniston o‘zbeklari ham o‘ziga xos milliy g‘oyasi asosida tashkil topgan milliy mafkurasiga tayangan holda o‘z millatining va davlatining yashash xududlarini, iqtisodini, madaniyatini va milliy borlig‘ini har xil tashqi kuchlarning taxdidlaridan himoya qilib asrashlari lozim.
Afg‘onistonlik o‘zbeklar o‘z xalqining milliy ongini begona va yod g‘oyalarning xurujidan asrash uchun eng avvolo umuminsoniy qonun va qoidalarga ko‘ra asoslangan ma’rifiy va madaniy usullar bilan harakat qilishlari lozim va bu shonli vazifani o‘zining milliy tushunchasi hamda o‘z millatining hayotiy vazifasi sifatida qabul qilishlari shart.
Fikr va Jamiyat
Muayyan shart-sharoitlarda va muayyan vaqtda yuz bergan yoki yuz berayotgan qaysidir voqea, xodisa, jarayon haqida har bir inson o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lishi mumkinligi bu tabiiy jarayondir. Inson bunga tabiyatan haqli. Ya’ni, baxs yordamida, har tomonlama aqliy yondoshuvlar asosida inson fikri, xulosalari hamda ko‘z qarashlari o‘zgarib turadi.
Fikr bir joyda to‘xtab qolmaydigan va inson ruhiy kechinmalari bilan bog‘liq hususiyatga ega bir aql mahsulotidir. Ba’zi bir ruhshunos olimlarning ta’kidlashlariga ko‘ra fikr bu odam o‘lgandan so‘ng ham davom etaveradigan jarayonmish. Sababi fikr tana mahsuloti emas, balki ruh mahsulotidir. Inson tanasi vaqtincha, ruh esa o‘limsiz.
Insonning shaxsan o‘zi to‘g‘ri deb hisoblaydigan e’tiqodiga hamda inonchiga ko‘ra va o‘zi egallagan tushunchalariga tayangan holda fikr yuritishi natijasida o‘z tafakkurida ma’lum bir xulosalar yaratib biladigan hamda shu o‘z shaxsiy xulosalarini so‘hbatdoshiga ochiq oydin aytishni uddalay oladigan insonning shaxsiy fikrini ayblash va shaxsiy fikri uchun uni «fikring noto‘g‘ri» deb zindonband qilish yoki o‘limga hukm qilish bu tubanlik va johillikdir.
Fikrga qarshi fikr bilan baxslashish, fikrga qarshi fikr bildirish va o‘rtaga tashlangan fikrni muhokama qilish kabi vaziyatlar ziyoli insonlarga xos harakatlardir. Bir insonning fikri ikkinchi bir insonga tushunarli bo‘lmasligi mumkin yoki uning dunyoqarashlariga uyg‘un bo‘lmasligi mumkin. Bu tabiiy holat. Chunki inson fikri hamisha nisbiydir va munozaralidir.
Qandaydir bir shaxs, Afg‘oniston Islom Respublikasining amaldagi konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi bo‘lmagan fikrlarni aytayotgan bo‘lsa va qonun bilan cheklangan davlat sirini hamda boshqa davlat sirlarini aytmayotgan bo‘lsa, faqatgina u yoki bu siyosiy jarayon haqida o‘z shaxsiy fikrini va mulohazalarini so‘hbatdoshiga yoki ommaga aytayogani uchun «sening fikring noto‘g‘ri» deya javobgarlikga tortilishi qonunan mumkin emas. Zero, barcha insonlarning ijtimoiy va siyosiy masalalar haqidagi fikrlari, tushunchalari va qarashlari asosida insonlarning ijtimoiy-siyosiy hayotini rivojlantirish ko‘zda tutilganligini qonunan isbotlaydigan hujjat bu Afg‘oniston Islom Respublikasining Konstitutsiyasidir. Mazkur qonunga ko‘ra har bir Afg‘oniston Vatandoshining fikrlashi va so‘z erkinligi kafolatlangan va fikrga qarshi o‘lim bilan va ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan tahdid qilinmaydi yoki shaxsiy fikriga qarshi jismoniy zuravonlik qilinmaydi.
Birovning aytgan fikri boshqa bir «fahm va farosati kuchliroq» yoki «o‘qimishliroq» kimsa tomonidan «noto‘g‘ri» yoki «to‘g‘ri» deya baholanishining o‘zi, aslida mutloqa noto‘g‘ri harakat. Sababi birovning aytgan shaxsiy fikriga qarshi qilingan barcha ayblovlar, umuminsoniy meyorlarga ko‘ra tarbiyalangan ilg‘or fikrdagi insonlar va ular tashkil etgan jamaotchiliklar tomonidan inkor etiladi va bu fikr qanchalik g‘alati fikr bo‘lmasin ular tomonidan himoyaga olinadi.
Ilg‘or fikrdagi insonlar va umuminsoniy qadriyatlar tarafdori bo‘lgan jamoatchiliklar birovning shaxsiy fikrini «noto‘g‘ri fikr» deya baholagan kimsalarning qiliqlarini va shaxsiy fikrga nisbatan «noto‘g‘ri fikr» deya baho bergan kishining harakatlarini «shaxsiy fikrga hurmatsizlik qilish» deya sifatlab, «shaxsiy fikrga qarshi zuravonlik ko‘rsatish» va «shaxsiy fikrni yo‘q qilish uchun qilinayotgan harakatlar» deya baholaydi. Ya’ni insonning shaxsiy fikrini va shaxsiy xulosasini «sening fikring va xulosang noto‘g‘ri» deya baholash, uning shaxsiy fikri, shaxsiy xulosasi sababli unga qarshi jismoniy va ruhiy jazo belgilash yoki uni taqib qilib hayotiga tahdid qilish umuminsoniy tafakkurga va umuminsoniy zehniyatga ko‘ra zid harakat bo‘lib hisoblanadi. Zero, fikr bu faqat insongagina xos hodisa.
Fikr faqat bahs va munozara tartibiga ko‘ra muhokama qilinishi mumkin va aytilgan fikrga qarshi boshqa fikr bilan e’tiroz bildirish mumkin. Ya’ni, g‘oyalar va fikrlarga qarshi faqat g‘oya va fikr bilan javob berish zarur. U yoki bu siyosiy voqea va siyosiy jarayon haqida aytilgan kimningdir siyosiy baholashi, fikr mulohazasi yoki kimningdir bir fikri muhokama qilinayotganda o‘rtaga tashlangan qandaydir siyosiy g‘oya davlat idorasining qarori bilan yoki qandaydir bir «muhirlangan hujjat» bilan «noto‘g‘ri fikr» deya tasdiqlanib e’lon qilinishi mumkin emas. Sababi siyosiy mohiyatga ega voqea, vaziyat, mulohaza, mafkura, g‘oya, nazariya, dastur, reja, taxmin kabi masalalar to‘g‘risida fikr aytilganda bu fikrga nisbatan baho berishda uning faqatgina «ishonchli» yoki «bahsli» ekanligigina aniqlanishi mumkin.
Har bir jamiyatni tashkil qiluvchi asosiy omil bu xalqdir. Xalqning salohiyati esa xalqning namoyondalari bo‘lmish shaxslarning madaniy saviyasi va fikrlay olish iqtidoriga bog‘liq. Shaxsiy fikrlarning umumlashtirilishi natijasida jamiyatning hamma namoyondalariga ta’luqli bo‘lgan ma’lum bir xulosalar yuzaga chiqadi. Xulosalar asosida xalqning salohiyatini oshirish yo‘lida qilinishi shart bo‘lgan rejalar tuziladi va qarorlar qabul qilinadi. Olingan qarorlar jamiyatni harakatga yetaklashi zarur. Shundagina xalqning salohiyati yuksaladi. Zero muvofaqqiyat bu harakat va harakat oldidan puxta ishlab chiqilgan reja mahsulidir.