NAVOIY ASARLARIDA TINISH BELGILARINING YANGLISH ISHLATILISHI
2026-07-11
2026-07-12
Ushbu maqolada o‘zbek tili - bugungi kunda dunyo miqyosida ellik milliondan ortiq so‘zlovchiga ega bo‘lgan yirik turkiy tillardan biri sifatida - O‘zbekiston va Afg‘onistondagi holati hamda mazkur ikki hududda yechimini kutayotgan dolzarb masalalar atroflicha tahlil etiladi. Dastlab, O‘zbekistonda o‘zbek tilining mustaqillik davrigacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyoti, xususan sovet davrida rus tili ta’siri ostida bo‘lganligi sababli fonetik, leksik va qisman grammatik tizimida yuzaga kelgan nomuvofiqliklar, ularning bugungi adabiy til rivojiga salbiy ta’siri ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi. Maqolada, shuningdek, Afg‘onistonda yashovchi o‘zbeklarning til holati, u yerda o‘zbek tilining rasmiy maqomdan mahrumligi natijasida yuzaga kelgan til siyosatiga oid muammolar tahlil qilinadi. Afg‘oniston o‘zbeklari orasida tilning ijtimoiy-madaniy hayotdagi tutgan o‘rni, uning qo‘llanish darajasi va adabiy me’yorlar asosida shakllanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar, shu bilan birga mavjud imkoniyatlar ilmiy-nazariy yondashuv asosida yoritiladi. Maqolada, ayni paytda, Afg‘onistonda o‘zbek adabiy tilini shakllantirish, uni ommalashtirish va barqaror rivojlantirish istiqbollari hamda bu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari suriladi.
Kalit so‘zlar: o‘zbek adabiy tili, davlat tili, milliy til, o‘zbek tilining tarixi, tovush tizimi, til siyosati, rus tili ta’siri, Afg‘onistondagi o‘zbek tili.
KIRISH
Til ijtimoiy hodisa bo‘lgani sababli, u vaqt o‘tishi bilan uzviy ravishda rivojlanib, o‘sib boradi. Bu rivojlanish, asosan, tilning lug‘at tarkibining boyishi va yangilanishi orqali amalga oshadi. Fan va texnologiya taraqqiyoti tillarga yangi so‘zlar va tushunchalarni olib kiradi. Chunki texnologik yangiliklar qaysi mamlakatga kirib bormasin, o‘z nomi bilan birga kirib boradi. Bunday yangi atamalarga til sofligini himoya qilishga intilayotgan olimlar o‘z tillarining imkoniyatlarini hisobga olib, yangi so‘zlarni yaratishga harakat qilishlari shart. Ammo bu jarayonda mehmon so‘zlar mezbon tilning ichida mustahkam o‘rin olib, uni haydab chiqarish qiyin bo‘lib qoladi.
Shundan kelib chiqadiki, insonlar ijtimoiy hayotlarida atrofdagi odamlar bilan muntazam muloqotsiz yashay olmasliklari kabi, tillar ham faqat o‘z imkoniyatlari doirasida yashay olmaydi. Zarur so‘zlar boshqa tillardan olinadi, boshqalarga esa o‘z tillaridan so‘zlar beriladi. Shu bois, o‘zbek tili ham bunday almashinuv jarayonidan chetda qolmagan. Biroq, til munosabatlarini shakllantirishda, til vakillarining o‘z jamiyatidagi ijtimoiy va siyosiy mavqei muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lmagan xalqning tili qanchalik boy va qanchalik ifoda qudrati yuksak bo‘lmasin, uning o‘ziga xos mavqeini topishi va jamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlashi qiyin kechadi. Bu esa har bir davlatning til siyosatiga bevosita bog‘liqdir. Masalan, o‘tgan asrda Afg‘onistonda o‘zbek tilining rasmiy til sifatida qabul qilinishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi, hatto o‘zbek xalqining mavjudligini tan olish ham boshqaruvdagi kuchlarning fikriga zid edi. Baxtimizga, bugungi kunda mamlakatimizda tilimiz rasmiy maqomga ega bo‘ldi va uning taraqqiyoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Hozirgi paytda Afg‘onistondagi sakkizta universitetda o‘zbek tili va adabiyoti kafedralari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi maktablarda o‘zbek tili bir fan sifatida o‘qitilmoqda.
Xo‘sh, Afg‘onistonda o‘zbek tili adabiy va me’yoriy til sifatida o‘z o‘rnini topa oldimi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob bera olmaymiz. Garchi o‘zbek tilida yozish va o‘qishga nisbatan taqiq deyarli yarim asr muqaddam bekor qilingan bo‘lsa-da, bu til haligacha me’yorlashtirilgan adabiy til sifatida mustahkam mavqe egallay olgani yo‘q.
Sizga ma’lumki, Afg‘onistondagi ayrim oliy ta’lim muassasalari va muallim tayyorlash institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limlari mavjud bo‘lsa-da, ular ko‘p hollarda rasmiyatchilik darajasida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Xudoga shukr, bugun o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etadigan viloyatlar maktablarida o‘zbek tili alohida fan sifatida o‘qitilmoqda. Biroq bu holat bilan barcha muammo hal bo‘ldi, hamma narsa o‘z iziga tushdi, deb bo‘lmaydi.
Hazrat Navoiyning iborasi bilan aytganda, biz hali o‘zbek tilini yurtimizda “yakqalam” qila olganimiz yo‘q. Harxillik va tartibsizlik holatlari hanuzgacha bilim yurtlarida, maktablarda, matbuot va nashriyotlarda, ommaviy axborot vositalarida ham uchrab turibdi.
Til, eng avvalo, insonlar o‘rtasidagi aloqa vositasi sifatida xizmat qiladi. Bu - tilning birlamchi va eng asosiy funksiyasidir. Biroq, buning o‘ziga xos davomchisi sifatida, til inson tafakkuri va milliy ruhining ko‘zgusi hamdir. Insonning ona tiliga bo‘lgan mehr-muhabbati, aslida, aynan ushbu ikkinchi jihatdan - tafakkur va milliy o‘zlik bilan bog‘liqdir. Agar til faqat aloqa vositasi bo‘libgina qolganida edi, har bir kishi jamiyatda mavqei kuchliroq bo‘lgan tilni bemalol egallab, o‘sha tilda muloqot qilishga o‘tgan bo‘lardi. Ammo biz uchun ona tilimiz aziz - chunki biz shu tilda fikrlaymiz, shu tilda o‘zimizni anglaymiz, ruhiy olamimiz va milliy mansubligimiz aynan ona tilimiz orqali shakllanadi.
1.1. ADABIY TIL HAQIDA
Til, umumiy tarzda, ikki shaklda mavjud bo‘ladi: adabiy til va so‘zlashuv tili.
Adabiy til - tovush, so‘z va grammatik qatlamlari ma’lum me’yor va qoidalarga bo‘ysungan, shu til sohiblari tomonidan umumiy qabul qilingan til shaklidir. Adabiy tilning taraqqiyotida esa matbuot, nashriyot, radio, televideniye, bilim yurtlari va maktablar hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
So‘zlashuv tili esa ko‘proq ma’lum hudud doirasida yashovchi aholiga xos bo‘lib, ko‘proq og‘zaki muloqotda qo‘llanadi.
Bugungi suhbatimizning mavzusi - Afg‘oniston o‘zbek adabiy tili masalasidir. Ma’lumki, Afg‘oniston hududida o‘zbeklar qadimdan Faryobdan to Badaxshongacha bo‘lgan keng o‘lkalarda istiqomat qilib keladi. Afsuski, turli ijtimoiy-siyosiy omillar sababli bu mintaqalardagi o‘zbeklar tili ko‘p hollarda faqat so‘zlashuv darajasida qolib ketgan.
Bugungi kunda o‘zbek tili Afg’onistonda uchinchi rasmiy til sifatida tan olingan bo‘lsa-da, bu tilning qaysi sohalarda, qanday huquqiy asoslarda qo‘llanilishi borasida amaliy mexanizm ishlab chiqilmagan.
1.2. AFG‘ONISTON O‘ZBEK ADABIY TILINI SHAKLLANTIRISH YO‘LLARI
Bugungi sharoitda Afg‘oniston o‘zbek adabiy tilini shakllantirishning, asosan, ikki yo‘li mavjud:
Ammo mavjud ijtimoiy-siyosiy va madaniy muhitdan kelib chiqib aytish mumkinki, birinchi yo‘l - ya’ni Afg‘oniston lahja va shevalari asosida yangi adabiy til yaratish - amaliy jihatdan deyarli imkonsizdir. Bu holat hammaga kundek ravshan. Shu boisdan, hozirgi bosqichda ikkinchi yo‘l - O‘zbekiston o‘zbek adabiy tilini qabul qilish masalasining ilmiy, amaliy va mantiqiy asoslarini ko‘rib chiqish zarurati tug‘iladi.
O‘zbek adabiy tili tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tilshunos olimlar uni uch asosiy bosqichga ajratadilar:
1) Qadimgi turkiy adabiy til;
2) Eski o‘zbek adabiy tili;
3) Hozirgi o‘zbek adabiy tili.
Qadimgi turkiy adabiy til milodiy 5–13-asrlar oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Bu davrga O‘rxun-Enasoy yodgorliklari, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”i, Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq”i va boshqa muhim ilmiy-adabiy manbalar kiradi. Ahamiyatli jihati shundaki, bu yodgorliklar barcha turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosi hisoblanadi.
Eski o‘zbek adabiy tili esa milodiy 13-asrning ikkinchi yarmidan 19-asrning oxirigacha davom etgan. Bu bosqichda Hofiz Xorazmiy, “Muhabbatnoma” muallifi Xorazmiy, Amiriy, Haydar Xorazmiy, Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab, Mo‘nis, Muqimiy, Ogahiy, Avaz O‘tar kabi yirik adib va mutafakkirlarning asarlari orqali o‘zbek adabiy tili yuksak taraqqiyot bosqichiga yetdi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili esa 20-asr boshidan boshlab shakllana boshlagan va bugungi kungacha uzluksiz rivojlanib kelmoqda. Bu bir asrdan oshiq vaqt mobaynida o‘nlab shoir va yozuvchilar o‘z asarlari bilan O‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti sahnasiga olib chiqdilar. Ayni paytda, hozirgi o‘zbek adabiy tili O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili sifatida barcha sohalarda — ta’lim, fan, ommaviy axborot vositalari, adabiyot, rasmiy hujjat yuritish va boshqalarda faol xizmat qilmoqda.
Demak, hozirgi o‘zbek adabiy tili boy tarixiy ildizlarga, shakllangan grammatik me’yorlarga, keng adabiy va ilmiy bazaga ega bo‘lgan mukammal til tizimidir. Shu boisdan, Afg‘oniston o‘zbeklarining til siyosati, madaniy taraqqiyoti va milliy birlik nuqtayi nazaridan aynan shu tilni qabul qilish eng maqbul va mantiqiy yo‘l sanaladi.
Xo‘sh, shunday ekan, O‘zbekiston o‘zbek adabiy tilini to‘liq va izchil tarzda qabul qilish mumkinmi? Hozirgi o‘zbek adabiy tili o‘zining yuz yillik tarixiy taraqqiyotida butunlay xatolardan xoli bo‘lgan tilmi? Uning ichki tizimida kamchiliklar yo‘qmi?
Aytish joizki, XX asr boshlariga qadar o‘zbek xalqi yashab kelgan turli hududlarda til jihatidan sezilarli farqlar mavjud bo‘lmagan. Bu da’voni tasdiqlovchi ishonchli dalillardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning Alisher Navoiyga bergan bahosidir. Bobur Andijon shahri aholisi va ularning tili haqida yozarkan, shunday deydi: “Eli turkdur, shahar va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Aning uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovudikim Hariyda nashvu nimo topibtur, bu til biladur.”
Bu fikrlar shundan dalolat beradiki, Andijon va Hirot o‘zbeklari tilida yaqinlik kuchli bo‘lgan. Bunga sabab, o‘zbek adabiy tilining asosini tashkil etuvchi qadimiy turkiy til — aynan sharqiy qarluq-chigil-uyg‘ur hamda g‘arbiy o‘g‘uz-qipchoq lahja birliklari negizida shakllanib, XIII–XIV asrlarga kelib mukammal bir adabiy tilga aylangan edi. Bu til Movarounnahr va Xurosonda keng qo‘llanilgan bo‘lib, lug‘aviy boyligi, fonetik va morfologik tizimi shakllangan, yozma adabiyotning asosiy vositasiga aylangan edi.
O‘zbek adabiy tilida - Navoiy ijod qilgan tilda so‘zlashuvchi xalq XIV–XV asrlarda Farg‘ona vodiysi, Toshkent vohasi, Samarqand, va bugungi Afg‘onistonning shimol va shimol-sharq hududida istiqomat qilgan. Demak, bu adabiy til — bir xalqning umumiy tili sifatida yuzaga chiqqan edi. Boburning ta’kidicha, Hirot va Farg‘ona o‘zbeklari orasida til tafovuti deyarli mavjud bo‘lmagan. Shunday ekan, bugungi ayrim farqlarning paydo bo‘lishi Kobul va Moskva siyosatlari natijasi sifatida qaralishi kerak.
Masalaga tilshunoslik nuqtayi nazaridan yondashilsa, til — ijtimoiy hodisa bo‘lib, jamiyatdagi siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar undan chetda qolmaydi. Siyosiy ta’sir, odatda, tilning leksik qatlamida yaqqol namoyon bo‘ladi. So‘nggi asrlar davomida bir-biriga yondosh yashagan, tili, dini, urf-odati bir xalq — o‘zbeklar sun’iy tarzda ajratilib, biri “Rusiy Turkiston”, ikkinchisi “Afg‘oniy Turkiston” deb nomlandi. Ular orasiga “temir devor” tortilib, ijtimoiy-siyosiy chegaralar bilan bo‘lingan bu xalqning tili ham ikki yo‘nalishda rivojlana boshladi: biri rus tili ta’siri ostida, boshqasi esa fors tili ta’siri ostida qolib ketdi.
Bu tafovut O‘zbekiston o‘zbek adabiyotida ham kuzatilgan. XX asr boshlarida Sovet siyosati natijasida ko‘plab haqiqiy adiblar — Abdulloh Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Botu kabi siymolar “xalq dushmani” sifatida tamg‘alangan, surgun qilingan yoki qatl etilgan. Natijada o‘zbek adabiy tilining tabiiy rivojlanish yo‘li to‘sib qo‘yilgan.
Aynan shu davrda, davlat mafkurasi bilan mos kelgan ayrim yozuvchilar — ba’zida millati o‘zbek bo‘lmagan, biroq rasmiy topshiriq asosida o‘zbek tilida asarlar yozgan shaxslar sun’iy ravishda adabiyot sahnasiga olib chiqildi. Natijada o‘zbek adabiy tiliga turli fors-tojikcha so‘z va iboralar singdirildi, bu esa tilning tabiiyligi va xalqchilligiga zarar yetkazdi.
BU SO’ZLARDAN AYRIMLARINING TAHLILIGA TO’XTALSAK:
Astoidil - bu so‘z uch unsurdan tashkil topgan: az – dan, ta – ich, dil – yurak. Holbuki, o‘zbek tilida bu ma’noni ancha tabiiy va chiroyli ifoda etuvchi “yurakdan”, “chin yurakdan” kabi shakllar mavjud. Shu bois, bu kabi murakkab va tilda begona tus olgan ifodani qabul qilish zarur emas. Hatto arab tilidagi “qalban” so‘zining qo‘llanishi ham ixcham va tushunarli: Astoidil sizga ishondim - Yurakdan sizga ishondim. Chin yurakdan sizga ishondim.
Qalban sizga ishondim.
Mazkur mazmunni ifodalash uchun tilimizda bunday go‘zal va tabiiy vositalar mavjud ekan, o‘zbek tilining tabiatiga zid bo‘lgan sun’iy va begona unsurlarni majburan kiritishning zarurati bormi?
Yoki Azbaroi so’zini olaylik - bu so‘z ikki qismdan - az (dan) va baroi (uchun) forscha ko’makchilardan tuzilgan bo’lib, “uchun” ko’makchisi ifoda qiladign vazifada ishlatiladi: Azbaroyi meni yolg‘iz tashlab qo‘yganingizdan aytdim degan gapni oddiy o‘zbek tilida quyidagicha bayon qilish mumkin: Bu gaplarni ayniqsa siz bilan menga to‘g‘ri kelmasa ham, meni yolg‘iz tashlab qo‘yganingiz uchun aytdim.
Bu so’zlar ham forsiy tarkib ba forsiy qoida asosida tuzilgan bo’lib, tilimiz tabiatimiga mutlaq ziddir. Demak, bu va bunga o’xshagan sun’iy tarkiblar va iboralar tilimizga ilmiy tahlilsiz va tanqidiy yondashuvsiz, mas’uliyatsizlik bilan olib kirilgan. Bunday unsurlar ustida alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, yuzlab sahifalarni bag‘ishlashga to‘g‘ri keladi. Maqolaning so‘nggida tilimizning tabiiy go‘zalligiga putur yetkazayotgan bunday varvarizmlar (begona, keraksiz so‘zlar) ro‘yxatini taqdim etamiz.
1.3. SO‘Z YASASHDAGI XATOLAR:
Bundan tashqari, so‘z yasashda ham o‘zbek tilining morfologik qonuniyatlariga zid ravishda ba’zi forscha old qo‘shimchalar haddan ziyod qo‘llanmoqda:
1.3.1. “NO-” OLD QO‘SHIMCHASI:
Bu qo‘shimcha ham “be-” bilan sinonim bo‘lib, ayrim sifatlarni hosil qiladi: notinch (tinchsiz), noo‘rin (o‘rinsiz).
Bu yerda ham o‘zbek tilidagi “-siz” qo‘shimchasi yetarli va tabiiyroqdir.
1.3.2. “BA-” OLD QO‘SHIMCHASI:
Bu qo‘shimcha “-li” bilan sinonimdir: baquvvat – quvvatli, badavlat – davlatli, basavlat – savlatli.
Aslida bu qo‘shimcha fors tilidan kirgan bo‘lib, ko‘plab so‘zlarda buzilgan shaklda (bo o‘rniga ba) ishlatilgan: boadab, bodavlat, boquvvat, bosavlat kabi.
1.3.3. “BE-” OLD QO‘SHIMCHASI:
Bu qo‘shimcha so‘z negiziga birikib, anglanayotgan xususiyatning yo‘qligini bildiradigan sifat yasaydi: bemaza (mazzasiz), betuz (tuzsiz), besharaf (sharafsiz), beayov (ayovsiz).
Lekin o‘zbek tilida ayni vazifada keladigan “-siz” qo‘shimchasi yetarli darajada faol:
beayov o‘rniga ayovsiz, beto‘xtov o‘rniga to‘xtovsiz kabi.
Bu qo’shimcha xususan o‘zbekcha so‘zlarganda tilimizning fonetik qiyofasini buzadi: beajin (ajinsiz), beunum (unumsiz), beo‘xshov (o‘xshovsiz), bexo’xtov (to’xtovsiz) kabi.
1.3.4. FONETIK JIHATDAN BUZILGAN ARABCHA VA FORSCHA SO‘ZLAR:
O‘zbek adabiy tilida ayrim arabcha va forscha so‘zlar noto‘g‘ri, buzilgan shaklda kirib qolgan. Bu holat o‘zbek olim va yozuvchilarining beparvo munosabatining natijasi bo‘lib, ularni izma-iz takrorlash ikki karra xatodir: zim-ziyo (sim-siyoh – سمسیاه), poyabzal (poyafzor/poyabzor –پایافزار، پایابزار), zimdan (zimnanضمناً - ), malham (marhamمرهم - ), tilsim (tilismطِلِسْم - ), baralla (barmaloبرملا - ), tamatti (tamttu’تمتع - ), mahtal (ma’talمعطل -), barakalla (borikallohبارکالله - ), kaft (kafکف - ).
Bularning to‘g‘ri, asl shakllari mavjud bo‘lsa, aynan shularni qo‘llash maqsadga muvofiq.
1.3.5. ETIMOLOGIYASI NOANIQ SO‘ZLAR:
Ba’zi so‘zlarning kelib chiqishi noma’lum yoki shubhali bo‘lib, bular adabiy tilga kiritilishi savol ostidadir: xalaqit (xalal?), bafurja (bafursat?), ahil (ahl?), poyabza (poyabzor?) kabi.
1.3.6. O‘ZBEK TILI LAHJALARIDA BOR SO‘ZLARNI BOSHQ TILDAN OLISH MUAMMOSI:
O’zbek tili lahja va shevalarga boy til hisoblanadi. Ma’lum bir shevada muayyan tushunchani ifodalovchi so‘z mavjud bo‘la turib, fors yoki arab tilidan so’z omonatga olish ilmiy jihatdan mantiqli ko’rinmaydi: tuxum (yumurta), gul (chechak), lab (dudoq), chap (so’l), rost (o’ng), peshona (manglay) kabi so’zlar bunga misol bo’la oladi.
1.3.7. MUMTOZ MATNLARDAGI SO‘ZLARNING ADABIY TILGA KIRITILMASLIGI:
O‘zbek tili boy yozma merosga ega. So‘zlarning o‘zgarib borishi tabiiy jarayondir. Ba’zi so‘zlar arxaiklashadi, ba’zilar esa siyosiy yoki ijtimoiy sabablarga ko‘ra iste’moldan chiqadi. Ammo hozirgi kundagi narsa va hodisalarni begona tildan olingan so‘zlar bilan emas, balki mavjud o‘zbekcha nomlari bilan atash mantiqliroq:
Tamug‘ (do‘zax), uchmoq (Jannat), osig‘ (foyda), yanglig‘ (monand), oyva (behi), yoziq (gunoh), sunmoq (taqdim qilmoq), beganmoq (pisand qilmoq), ochun (dunyo), chog‘ir (may), yozg‘urmoq (ayblamoq, gunohkor demoq), yorg‘u (sud, jazolovchi organ), yorg‘ulamoq (hukm chiqarish, jazolamoq) kabi.
O‘zbek adabiy tilini rivojlantirish bo‘yicha ancha izchil va samarali ishlar amalga oshirildi. Ammo, afsuski, ba’zan bu harakatlar ayrim jihatlarda biryoqlama tus olib, klassik adabiy merosdan yuz o‘girgan holda olib borildi. Xususan, hozirgi o’zbek adabiy tilining izohli lug‘atini tuzishda, asosan, XX asrda yaratilgan adabiy manbalar asos qilib olingan, natijada ming yillik tarixga ega bo‘lgan boy mumtoz adabiyotimiz chetda qoldirildi. Holbuki har qanday til, eng avvalo, uning yozma yodgorliklari, adabiy merosi bilan barhayot bo‘ladi. Tilda mavjud bo‘lgan har bir so‘z o‘sha tilning bebaho mulki hisoblanadi. Shu bois, bu boyliklardan e’tiborsizlik bilan voz kechish — tilga nisbatan xiyonat bo‘lishi mumkin.
Fors tilida, masalan, ming yildan ortiq adabiy merosdagi barcha so‘zlarga zamonaviy til tizimida yashash huquqi berilgan. Fors olimlari va adiblari eski va yangi o‘rtasida sun’iy devor qo‘ymay, ular orasidagi tabiiy bog‘liqlikni saqlab qolishga intilganlar. Bu tajriba biz uchun ham ibratlidir. Agarda biz ham eski-yangi demay, tilimizdagi barcha so‘zlarga g‘amxo‘rlik bilan yondashsak, boy leksik merosimizni asrab, zamonaviy adabiyotimizni mumtoz adabiyotimiz bilan uyg‘unlashtirish imkoniga ega bo‘lamiz.
Afsuski, ba’zi tilshunos va adabiyotshunoslarimiz bu yo‘ldan bormay, aksincha, klassik adabiyotimizni zamonaviy til muhitidan ajratib qo‘ydilar. Bu esa, klassik matnlarning bugungi avlod uchun tushunarsiz bo‘lib qolishiga olib keldi. Mumtoz adabiyotimiz, shunday qilib, cheklangan mutaxassislar doirasida muomalada qolmoqda.
Tilimizga arab tilidan kirib, ko‘plik shaklida mustahkam o‘rnashib qolgan so‘zlarga yana grammatik ko‘plik qo‘shimchasi –lar ni qo‘shish esa semantik va grammatik jihatdan ortiqcha bo‘ladi. Axborotlar, tashviqotlar, targ‘ibotlar, ajdodlar, a’zolar, mushkilotlar kabi shakllar tilimizda "ikki yoki uch karra ko‘plik" holatini yuzaga keltiradi, bu esa na mantiqan va na estetik jihatdan o‘zini oqlaydi. Mumtoz adabiyotda bunday holatlarga duch kelmasligimiz ham bu da’voni isbotlaydi.
Shuningdek, o‘zbek tilida jins kategoriyasi mavjud emasligini inobatga olsak, arab tilidan kirib, grammatik jinsni anglatuvchi “aziza”, “kotiba”, “muallima”, “shoira”, “muslima” kabi atamalarni o‘zbek tilida joriy etish ham asosli emas. Bunday atamalar o‘zbek tilining grammatik tizimiga mos kelmaydi.
O’zbek tilining izohli lug‘atiga kiritilmagan, biroq mumtoz adabiyot matnlarida kengan iste’molda bo’lgan yoki xalq orasida faol ishlatilayotgan ko‘plab arabcha so‘zlarni tilimizdan chiqarib tashlash nafaqat adolatsizlik, balki ilmiy nuqtai nazardan insofsizlik bo‘ladi. Bu so‘zlar, xususan, “talofiy” (zararni qoplash), “tadoviy” (davolash), “muolaja” (kasalni davolash), “tashxis” (diagnostika), “tadris” (dars berish), “tarjih” (ustun qo‘yish), “tadoruk” (tayyorgarlik), “masraf” (sarflov), “tahammul” (chidam), “ta’xir” (kechikish) kabi atamalar hayotimizda muhim ijtimoiy va ilmiy tushunchalarni ifodalaydi. Ularni hayotimizdan siqib chiqarishga urinish tilimizga zarar keltiradi.
Yangi kirib kelgan so‘zlarni yangi kelinchakka o‘xshatish mumkin: vaqt o‘tishi bilan u yangi oilaning to‘laqonli a’zosiga aylanadi va yangi muhitga moslashib, uning urf-odatlarini o‘zlashtirgan holda yashaydi. Shunday ekan, bu o’zbek tiliga kirib kelgan so‘zlar ham o‘zbek tilining fonetik va morfologik me’yorlariga mos ravishda ishlatilsa, ular begonaligini yo‘qotib, tilga singib ketadi. Bunga tilimizga rus tilidan yoki rus tili orqali yevropa tillaridan kirgan so‘zlar misol bo‘la oladi. Masalan, biologiya, ximiya, ruchka, parik, yarus kabi so‘zlarni biz ko‘pincha o‘zbek tilining tovush tizimiga mos kelmaydigan ruscha talaffuz bilan aytamiz. Chunki bu so‘zlarda urg‘u o‘zbek tilidagi so‘zlardagidek oxirgi bo‘g‘inga tushmaydi.
O‘zbek adabiy tili mustahkam me’yoriy asosga ega bo‘lishi uchun u milliy ruh, milliy tafakkur va fonetik-morfologik tuzilishiga mos tarzda shakllanishi kerak. Bu esa turli tashqi til unsurlarini o‘zlashtirishda ularni tanqidiy va ehtiyotkorlik bilan qabul qilishni taqozo etadi.
2.1. NISBIY SIFAT YASOVCHI –VIY (IY) QO‘SHIMCHASINING NO TO‘G‘RI QO‘LLANILISHI:
Bu qo‘shimcha tabiatan arabcha so‘zlar asosida nisbiy sifat yasaydi (a tovushi bilan tugagan so’zga –viy variant: ma’naviy, oilaviy, qabilaviy; qolgan hollarda –iy variant: kitobiy, ijtimoiy kabi). Aksincha, “sistemaviy”, “temaviy”, “partiyaviy” kabi Yevropa tillaridan olingan negizlarga sun’iy tarzda ulanib, o‘zbek tilining tabiiylik mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi.
2.2. FORSIY IZOFATLI BIRIKMALARINING HADDAN ORTIQ ISHLATILISHI:
Forscha muzof-muzof ilayh (izofa) tuzilmalari o‘zbek tilida tabiiy emas. Tilimizda ular o‘rniga sifatlovchi-sifatlanmish yoki qaratuvchi-qaralmish shakllar ishlatiladi. “bandizindon”, “bamaylixotir”, “oromijon”, “obakidandon” kabi holatlar bu fikrni tasdiqlaydi. Izofa shakllarining haddan ortiq qo‘llanishi o‘zbek tilining sintaktik tuzilmasiga yot hisoblanadi.
2.3. “NOMA” VA “XONA” SO‘ZLARINI AFFIKS EMAS, MUSTAQIL SO‘Z SIFATIDA TALQIN QILISH:
Bu so‘zlar bilan tuzilgan birliklar aslida qo‘shma so‘zlar hisoblanadi (oshxona, tasdiqnoma) va ularni morfologik emas, sintaktik yasalma sifatida ko‘rish tilshunoslikda aniqlik keltiradi.
2.4. O‘ZBEK TILINI TOZALASH MAQSADIDA YARATILGAN YANGI SO‘ZLAR VA ULARNING MUAMMOLARI:
Mustaqillik davrida ayrim tilshunoslar o‘zbek tilini begona — ayniqsa rus tilidan kirib kelgan — unsurlardan tozalashga intildilar. Bu harakatlar natijasida ba’zi hollarda lingvistik jihatdan asoslanmagan, tuzilishiga ko‘ra nobob so‘zlar ham muomalaga kirib keldi. Ularning ayrimlari o‘zbek tilining leksik va grammatik tizimiga mos tushmasligi tufayli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, “oliygoh” so‘zi "oliy" (arabcha, "yuksak" degani) va "-goh" (forscha, joy yoki payt bildiruvchi) komponentlaridan tashkil topgan. Fors tilida “-goh” so‘zi asosan ot yoki fe’l ildizlariga qo‘shilib, joy yoki vaqt ma’nolarini bildiradi:
Shomgoh — shom vaqti
Donishgoh — bilim maskani (universitet)
Ammo “oliy” — sifat bo‘lib, unga "-goh" qo‘shilishi forsiy so‘z yasash me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi, natijada “oliygoh” shakli lug‘aviy va grammatik jihatdan nomuvofiq bo‘ladi.
Shuningdek, “hojatxona” so‘zi ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bu so‘z "hojat" (arabcha, “zarurat”, “ehtiyoj”) va "xona" (turar joy, xona) birikmasidan tuzilgan bo‘lib, “ehtiyoj qondiriladigan joy” degan umumiy ma’noni beradi. Biroq, ehtiyoj so‘zining ko‘plab ma’nolari bo‘lgani bois, “hojatxona” iborasi turlicha talqin qilinishi mumkin.
Shunga qaramay, tualet so‘zini to‘liq almashtira oladigan oddiy, ixcham, aniq muqobilni topish hali-hanuz tilshunoslik uchun ochiq masala bo‘lib qolmoqda.
2.5. GEOGRAFIK ATAMALARDA RUSCHA OHANGDAN VOZ KECHISH ZARURATI:
Masalan, “Amerika”, “Parij”, “Fransiya” kabi geografik nomlarni “Amriko”, “Poris”, “Faronsa” shaklda talaffuz qilish maqsadga muvofiqdir. Bu masalada arabcha va forscha o‘zlashmalar bilan o‘zaro moslik saqlanishi mumkin. Aks holda, tilimizdagi tovushlar tizimi va talaffuz qonuniyatlari buziladi.
2.6. ILMIY ATAMALARNI MILLIYLASHTIRISH:
O’zbek adabiy tilida ilmiy atamalar rus tili qonuniyati asosida talaffuz etiladi. Bu esa o’zbek tili tovush tizimiga mos kelmaydi. Bu masalada fors yoki turk tili tutgan yo’ldan boorish mumkin: “Kaltsi” atamasi o‘rniga “kalsiyum”, “kislorod” atamasi o‘rniga “oksijan”, “vodarod” atamasi o’rniga “hidrojan” so’zlarini ishlatlasak, talimiz tabiatiga mos tushadi.
Til leksikasining boyishi tabiiy jarayon bo‘lib, u boshqa tillardan so‘z o‘zlashuvi, mavjud birliklarning kengaytirilgan ma’noda ishlatilishi yoki yangi birliklar yaratilishi orqali kechadi. Biroq bu jarayon til tizimiga mutanosiblik, semantik aniqlik va grammatik izchillik bilan olib borilishi lozim. Quyida ba’zi so‘zlar tahlil qilinib, ular o‘rniga mavjud yoki mosroq muqobillar taklif etiladi:
? Abadiyan — (abadiy suratda; O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-jild, 2-bet).
Bu so‘z “abad” (doimiylikni bildiruvchi arabcha so‘z) asosida yasalgan bo‘lsa-da, uning “abadiy” shakli o‘zbek tilida allaqachon faol ishlatiladi. Shu boisdan, “abadiyan” shakli keraksiz takror yoki ortiqcha variant sifatida baholanishi mumkin. Ma’nodosh shakllari: abadiy, umrbod.
? Abzal — (ot-ulovni minish yoki aravaga qo‘shish uchun zarur asboblar majmui; Izohli lug‘at, 1-jild, 4-bet).
Bu birlik fors tilidagi “abzor” yoki “afzor” so‘zidan o‘zlashgan bo‘lib, o‘zbek tilida fonetik jihatdan buzilgan holda “abzal” shaklida qabul qilingan. Ayni ma’no “yugan-asbob”, “o‘rgat aslahalari” kabi xalqona yoki aniqroq iboralar orqali ifodalanishi mumkin.
? Arzanda — (1. Orzu bilan erishilgan farzand. 2. Sevimli, erka bola; Izohli lug‘at, 1-jild, 73-bet).
Bu so‘z fors tilida “arzanda” shaklida mavjud bo‘lib, “qadrli”, “muhtaram” kabi ma’nolarni bildiradi (Farhang-e Buzurg-e Suxan lug‘atiga ko‘ra). O‘zbek tilidagi “erkatoy”, “sevimli” so‘zlari esa bu so‘zning ikkinchi ma’nosini to‘laqonli ifodalaydi. Arab tilidan kirgan “muhtaram”, “muhim”, “aziz” so‘zlari esa birinchi ma’no uchun yetarli muqobil hisoblanadi. Shunday ekan, ushbu so‘zni yangi birlik sifatida kiritish semantik jihatdan ortiqcha bo‘lishi mumkin.
? Arzanda-karomanda — (juda ham arzanda; Izohli lug‘at, 1-jild, 73-bet).
Bu birikma morfologik jihatdan murakkab va ommalashmagan bo‘lib, na mazmun, na shakl jihatidan keng iste’molga ega emas. “Joni aziz”, “ko‘ngli erka”, “qalbga yaqin” kabi xalqona ifodalar mazmunan qulayroq va tushunarliroqdir.
? Azbaroyi — (uchun, sababli; kuchaytiruvchi ko‘makchi).
Bu birlik fors tilidan o‘zlashgan bo‘lib, o‘zbek tilida faol ishlatiladigan “uchun”, “sababli”, “bo‘lgani uchun” kabi shakllar mavjudligidan kelib chiqib, keraksiz sinonimik yuk sifatida qaralishi mumkin.
? Astoyidil — (chin yurakdan; fors tilidagi az + tahi + dil komponentlaridan tashkil topgan izofali birikma).
Bu so‘z o‘zbek adabiy tilida ba’zan rasmiy yoki badiiy kontekstdagina qo‘llanadi. Biroq “chin yurakdan”, “qalban”, “samimiy” kabi o‘zbekcha shakllar semantik va uslubiy jihatdan yetarli va qulay muqobillardir.
? Ovqat — (arabcha aqvot so‘zidan; birlik shakli — qut).
Ushbu birlik xalq tilida keng tarqalgan va uslubiy jihatdan neytral. Biroq uning “buzilgan shaklda o‘zlashgani” haqida lingvistik bahslar mavjud. Shunga qaramay, “taom”, “yemak”, “g‘izo” kabi boshqa muqobillar mavjud bo‘lib, ular uslubiy kontekstga qarab tanlab ishlatilishi mumkin.
? Avalambor — (avval ham bor). Bu birlik “avval”, “birinchi bo‘lib”, “eng avvalo” kabi shakllar mavjud bo‘la turib, izchil fonetik va morfologik qurilishga ega emas. Ma’nodosh, tabiiy muqobillar: avvalo, birinchi navbatda, hammadan oldin.
? Ahil — (ar. o‘zaro totuv, inoq). Bu birlik, ehtimol, “ahl” so‘zidan buzilgan holda o‘zlashgan. Biroq arab yoki fors izohli lug‘atlarida “ahil” shaklidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘z mavjud emas. O‘zbek tilida esa bu so‘z “totuv”, “ittifoq”, “inoq” kabi muqobillar bilan almashtirilishi mumkin.
? Ayyom — (yavm – kun; ko‘plik shakli). O‘zbek tilida bu so‘z bayram kunlari, tantanali davrlar ma’nosida ishlatiladi: ayyomingiz muborak. Biroq ikkinchi ma’nodagi qo‘llanmasi (bayram kuni) uslubiy jihatdan sun’iy yoki rasmiy-tantanavor tus olib qolgan. Bu yerda bayram, quvonchli kun, xursandlik ayyomi kabi shakllar tabiiyroqdir.
? Izza — (Izohli lug‘atda: uyalish, xijolat bo‘lish). Aslida bu birlikاِیذا (izā) shaklida bo‘lib, “azob, aziyat” ma’nosini bildiradi (Farhang-e Buzurg-e Suxan). Ma’nodagi bu tafovut, uni hozirgi adabiy til kontekstida ishlatishda ehtiyotkorlikni talab qiladi.
? Oromgoh — fors tilida bu so‘z “qabr, go‘r” ma’nosida ishlatiladi. O‘zbek tilida esa “dam olish joyi” ma’nosida izohlangan. Shunga ko‘ra, “oromgoh” so‘zining o‘rniga istirohatgoh, dam olish maskani kabi birliklar uslubiy jihatdan aniqroq va tushunarliroq hisoblanadi.
? Boz ustiga — fors tilida “yana, tag‘in” ma’nosidagi boz so‘zidan yasalgan. O‘zbek tilida esa bu shakl o‘rnida ustiga ustak, buning ustiga, qolaversa, yana ham kabi iboralar mavjud bo‘lib, ular semantik jihatdan aniqroq va ko‘proq ishlatiladigan shakllardir.
? Boyvachcha — (boyning bolasi). Bu birlik uslubiy jihatdan o‘ziga xos ijtimoiy-mazax ohangiga ega. Shaklan “boyvachcha” o‘rniga boy bola, boy o‘g‘li singari birliklar uslubiy muvozanatni saqlaydi.
Bahuzur, baxshida, badkarda, baralla, baravj, baror, bardor, bamaylixotir, banogoh, bamisoli, baharhol, baharnav, bebaror, bexosdan, bezorijon, tilsim, murosa, mijoz, nogiron, sartarosh kabi so‘zlar hozirgi o‘zbek adabiy tilida faol ishlatilayotgan, biroq tarixan fors yoki arab manbalaridan o‘zlashgan birliklardir. Bugungi kunda ularning 20 foizdan ortig‘i adabiy tilning leksik fondini tashkil etadi.
Biroq bu kabi so‘zlarning barchasi bir xilda muhim yoki muqarrar deb bo‘lmaydi. Ulardan ba’zilari fonetik yoki semantik jihatdan mutanosib bo‘lmagan holda qabul qilingan, ba’zilar esa o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan birliklar bilan to‘liq almashtirilishi mumkin.
Bu holat shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek tili bevosita o‘z so‘z yasovchanligi va boy ichki imkoniyatlari orqali o‘z leksikasini to‘ldirish salohiyatiga ega. Yangi so‘z qabul qilish jarayoni ona tilining tabiiy rivojiga zid bo‘lmasligi, balki ehtiyotkorlik, izchillik va estetik mezonlarga asoslangan bo‘lishi kerak.
O‘zbek xalqining madaniy qadriyatlarida kelin tanlash jarayoni qanchalik sinchiklab o‘tkazilsa, tilga kiruvchi so‘zlar tanlovi ham shunchalik chuqur tahlil va sinovdan o‘tishi lozim. “So‘z — tilning nomusi” degan tamoyil til siyosatining asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, o‘zbek tilshunosligida bugun ham ma’naviy javobgarlik asosida harakat qilish, mavjud fonetik va semantik noaniqliklarni bartaraf etish, leksik tarkibni o‘zlikka qaytarish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan birliklar til tizimiga kiritilayotganda semantik zarurat, fonetik moslik, uslubiy qulaylik va ijtimoiy qabul mezonlari asosida tanlab olinishi lozim. Til boyligini ta’minlash maqsadida ortiqcha, tushunarsiz yoki tizimdan tashqari birliklarni kiritish emas, balki mavjud imkoniyatlarni puxta tahlil qilib, maqsadga muvofiq ishlatish zarur.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Til ijtimoiy hodisa sifatida uni o‘rab turgan ijtimoiy-siyosiy muhitdan bevosita ta’sirlanadi. Jamiyatdagi til egalari — ya’ni uni ishlatuvchilarning mavqei va ijtimoiy holati qanday bo‘lsa, tilning rivojlanish darajasi ham shunga mutanosib bo‘ladi. Masalan, o‘zbek xalqi qariyb bir asr davomida rus hukmronligi ostida bo‘lgan davrda til ham siyosiy va madaniy bosimga uchragan, bu holat uning leksik va grammatik tuzilishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Buning oqibati hozirgi kungacha sezilib turadi.
Avval ta’kidlanganidek, tildagi eng o‘zgaruvchan qatlam — bu lug‘at sathidir. Tilning fonetik va grammatik tuzilmasida yuz beradigan o‘zgarishlar esa ko‘proq sekin, tadrijiy va tabiiy rivojlanish xususiyatiga ega. Shu boisdan ham O‘zbekiston va Afg‘onistonda shakllangan o‘zbek adabiy tillari o‘rtasida fonetik va grammatik jihatdan keskin tafovutlar kuzatilmaydi. Ikki hududda yashovchi o‘zbeklar tili o‘rtasidagi farqlar, asosan, lug‘at sathida namoyon bo‘ladi. Ushbu leksik tafovutlarni ilmiy asosda tahlil qilish va bartaraf etish alohida tadqiqot mavzusi sifatida qaralishi lozim.
Xulosa tariqasida aytish mumkinki, Afg‘oniston o‘zbeklari o‘z adabiy tilini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan moddiy asos va siyosiy imkoniyatlarga ega emas. Shu sababli u yerda yashovchi o‘zbeklar uchun umumtushunarli adabiy til yaratishda O‘zbekiston adabiy tiliga asoslanish zaruratga aylangan. Biroq bu jarayonda ilgari yo‘l qo‘yilgan ba’zi xato va nomuvofiqliklarni takrorlamaslik muhim ahamiyatga ega.
Agar o‘zbek tilining izohli lug‘atlarini tahlil qilsak, ularda muhim mantiqiy-ma’no yukiga ega bo‘lmagan, til boyligi sifatida qabul qilish qiyin bo‘lgan, yo‘naltirilmagan yot so‘zlar juda ko‘p uchraydi. Bunday befarqlik tilning emas, balki millatning ma’naviy holatiga nisbatan ham bepisandlik belgisi sifatida talqin etilishi mumkin. Uzoq tarix, boy adabiyot va yuksak madaniyatga ega bo‘lgan xalq tilining bunday holati — beparvolikdan emas, balki e’tiborga muhtojlikdan dalolatdir.
Maqolaning avvalida til faqat o‘z ichki imkoniyatlari hisobigagina yashay olmaydi, deb ta’kidlagan edik. Bu haqiqat. Boshqa tillardan so‘z qabul qilish — tabiiy va zarur jarayon. Ammo bu jarayonda lingvistik ehtiyotkorlik talab etiladi. Zero, til nafaqat aloqa vositasi, balki inson tafakkuri va ichki kechinmalarining ham eng asosiy ifoda vositasidir.
Shuni unutmasligimiz kerakki, har bir tilning boyligi va go‘zalligi — shu til egalari bo‘lgan xalqning ma’naviy boyligi va didining ko‘zgusidir. Shunday ekan, adabiy tilni haddan tashqari soddalashtirib, xalq og‘zaki nutqining darajasiga tushirib yuborish ham, uni ortiqcha murakkablashtirib, mutaxassisdan boshqa hech kim tushunmaydigan holga keltirish ham to‘g‘ri yondashuv emas. O‘zbek tilining tabiati — o‘zbek xalqining tabiati kabi sodda, samimiy va mo‘tadildir. U ortiqcha dabdabani ham, haddan ortiq qo‘pollikni ham rad etadi. Tilga bo‘lgan yondashuvda ham ayni shu muvozanatni saqlash zarur.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
4. انوری، حسن (۱۳۸۲). فرهنگ بزرگ سخن. ۸ جلدی. تهران: سخن.